Daryo

O‘t ochishni to‘xtatish rejimidan keyin ham G‘azoda 100 dan ortiq bola o‘ldirildi — UNICEF

Bu deyarli har kuni bir bola halok bo‘layotganini anglatadi.

2 daqiqa o‘qish2 882 ko‘rishlar0 izoh2

G‘azoda uch oy oldin, ya’ni oktyabr oyida o‘rnatilgan “mo‘rt” otashkesim davridan buyon 100 dan ortiq bola halok bo‘ldi. Bu haqda BMTning bolalar jamg‘armasi (UNICEF)ga tayanib, TRT World xabar berdi.

Tashkilot hisobotiga ko‘ra, oktyabr oyi boshidan beri Isroil tomonidan amalga oshirilgan aviazarbalar, dron hujumlari va quruqlikdagi hujumlar oqibatida kamida 60 nafar o‘g‘il va 40 nafar qiz bola hayotdan ko‘z yumgan.

“Har kuni bir bola o‘limi”

UNICEF matbuot kotibi Jeyms Elder Jenevada jurnalistlar bilan muloqotda G‘azodagi vaziyat bo‘yicha dahshatli raqamlarni keltirib o‘tdi.

“O‘t ochishni to‘xtatish rejimi boshlanganidan beri G‘azoda 100 dan ortiq bola o‘ldirildi. Bu sulh davrida deyarli har kuni bir o‘g‘il yoki qiz bola halok bo‘layotganini anglatadi”, dedi Elder.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bolalar aviazarbalar, dronlar (shu jumladan, kamikadze-dronlar), tank o‘qlari va jangovar o‘q-dorilar qurboni bo‘lmoqda. Elder haqiqiy qurbonlar soni ancha yuqori bo‘lishi mumkinligini ta’kidladi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi: Ko‘rsatkichlar bundan ham yuqori

G‘azo Sog‘liqni saqlash vazirligi rasmiysi Zaher al-Vahidi yanada ayanchli raqamlarni e’lon qildi. Uning ma’lumotiga ko‘ra, sulh boshlanganidan buyon jami 442 kishi halok bo‘lgan, shundan 165 nafari bolalardir. Shuningdek, yil boshidan buyon yetti nafar bola qahraton sovuq tufayli vafot etgani qo‘shimcha qilindi.

Jeyms Elder ikki yildan ortiq davom etayotgan qirg‘inbarot urush sababli G‘azo bolalari doimiy qo‘rquvda yashayotganini aytdi.

“Psixologik travma hamon mavjud va bu holat qancha uzoq davom etsa, uni tuzatish shunchalik qiyinlashadi”, deya ogohlantirdi u.

Gumanitar yordamga qo‘yilgan taqiq

UNICEF vakili Isroilning 2025-yil oxirida o‘nlab xalqaro yordam tashkilotlarini G‘azoga kiritishni to‘xtatish haqidagi qarorini ham keskin tanqid qildi. Uning aytishicha, gumanitar guruhlarni bloklash hayotiy yordamni to‘xtatish bilan barobardir.

“Asosiy nodavlat tashkilotlarga yordam yetkazish va guvohlik berish taqiqlanganda, shuningdek, xorijiy jurnalistlar hududga kiritilmaganda, bolalar azob-uqubatlarini nazorat qilishni cheklash bo‘yicha jiddiy savollar tug‘iladi”, dedi Elder.

O‘tgan 2025-yil noyabr oyida G‘azo hukumati 2023-yil 7-oktyabrdan buyon Isroil hujumlari oqibatida halok bo‘lgan falastinliklar soni 71 mingdan oshganini ma’lum qilgan edi. BMT ma’lumotlariga ko‘ra, G‘azodagi binolarning qariyb 80 foizi shikastlangan yoki butunlay vayron bo‘lgan.

Mirzayeva Dilafroʻz Safar qizi. 1999-yilda Toshkent viloyatida tavallud topgan. Millati — oʻzbek. 2024-yilda Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetining Sinxron tarjima yoʻnalishi magistr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar