Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Vashington shahrida 7-aprel kuni AQSH davlat kotibi Marko Rubio bilan biznes-nonushta formatida uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuv davomida Amerika–O‘zbekiston ishbilarmonlik va investitsiya kengashi yig‘ilishi natijalari muhokama qilindi. Tomonlar iqtisodiy hamkorlik doirasida shakllanayotgan loyihalar portfeli izchil kengayib borayotganini alohida qayd etdi.
Saida Mirziyoyeva davlat kotibining O‘zbekiston bilan hamkorlikni rivojlantirishga qo‘shayotgan hissasini yuqori baholab, Marko Rubioga minnatdorlik bildirdi.
Vashington shahrida 6-aprel kuni Amerika-O‘zbekiston ishbilarmonlik va investitsiya kengashi rasman ish boshladi. Uchrashuv yakunida ushbu kengash hamraislari Saida Mirziyoyeva va Serjio Gor o‘zaro anglashuv memorandumini imzolagan.
Prezident administratsiyasi rahbarining qayd etishicha, mazkur uchrashuv oddiy muloqot emas, balki ikki tomonlama niyatlar amaliy tizimga o‘tadigan muhim bosqich hisoblanadi. Saida Mirziyoyeva so‘nggi yillarda O‘zbekiston va AQSH o‘rtasidagi munosabatlarda muhim o‘zgarishlar yuz berganini ta’kidladi.








