Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan, Olmazor tumani IIB amaldorining topshirig‘i aks etgan video yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, poytaxtda daydilik va tilanchilik holatlariga qarshi tizimli ishlar olib borilmoqda. So‘nggi uch oy davomida shaharda 283 nafar daydi va 210 nafar tilanchilik bilan shug‘ullangan shaxs aniqlanib, ularga nisbatan qonuniy choralar ko‘rilgan.
Shu bilan birga, IIBB mazkur yo‘nalishda xodimlarga biror reja yoki majburiy ko‘rsatkich yuklatilmaganini ma’lum qildi. Ularning asosiy vazifasi jamoat tartibini buzayotgan shaxslarni aniqlashdan iborat ekani ta’kidlandi.
Idora ma’lumotiga ko‘ra, ko‘chada uchrayotgan daydilik va tilanchilik holatlarining bir qismi aslida ehtiyoj emas, balki ataylab tashkil etilgan firibgarlik faoliyati bo‘lishi mumkin. Xususan, bolalardan foydalanish yoki soxta nogironlik orqali fuqarolarda rahm uyg‘otish holatlari jiddiy muammo sifatida qayd etilgan.
Shuningdek, Olmazor tumani IIB Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi Huquqbuzarliklar profilaktikasi boʻlimi boshligʻi Abror Xudoyberdiyevning xatti-harakatlari yuzasidan xizmat tekshiruvi olib borilayotgani bildirildi. Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda ushbu amaldor profilaktika inspektorlariga “daydi topish” bo‘yicha keskin topshiriq bergani aks etgan audio va video tarqalgandi.








