FIFA prezidenti Janni Infantinoning 2025-yildagi ish haqi soliqlar chegirilguniga qadar 4,8 million shveysariya frankini (taxminan 5,2 million yevro) tashkil etdi. Bu haqda tashkilotning 30-aprel kuni Vankuverda bo‘lib o‘tadigan kongressi uchun tayyorlangan rasmiy hujjatlarida ma’lum qilingan.
Infantinoning jami daromadi 2,6 million frank miqdoridagi asosiy maosh hamda 2,2 million frank (2,38 mln yevro) miqdoridagi bonuslardan shakllangan. Qayd etish joizki, 2024-yilda prezidentning umumiy daromadi 4,25 million frankni (4,6 mln yevro) tashkil etgan edi, ya’ni bir yil ichida uning maoshi sezilarli darajada oshgan.
Shuningdek, hujjatlarda boshqa rahbarlarning ham daromadlari ochiqlangan. FIFA bosh kotibi Mattias Grafstryom soliqlargacha 2,4 million frank (2,6 mln yevro) ishlab topgan bo‘lsa, tashkilot vitse-prezidentlariga 300 ming dollar, kengash a’zolariga esa 250 ming dollardan yillik kompensatsiya to‘langan. Ayrim kengash a’zolari ushbu to‘lovlardan ixtiyoriy ravishda to‘liq yoki qisman voz kechishgani ta’kidlangan.
Ma’lumot uchun, 56 yoshli Janni Infantino 2016-yilda Yozef Blatter lavozimidan muddatidan oldin ketganidan so‘ng FIFA rahbarligiga kelgan edi. Shveysariya va Italiya fuqaroligiga ega bo‘lgan funksioner 2019 va 2023-yillarda qayta saylangan. Ungacha esa u 2009-yildan buyon UEFA bosh kotibi lavozimida faoliyat yuritib kelgan.








