FIFA prezidenti Janni Infantino kelajakda Jahon chempionati ishtirokchilari sonini kengaytirish ehtimoli haqida gapirdi, shuningdek, Italiya terma jamoasining dunyo birinchiligiga chiqa olmagani boʻyicha hazil qildi. 2026-yilgi turnirda 48 ta terma jamoa ishtirok etmoqda.
“Butun dunyoni yanada koʻproq jalb qilish uchun Jahon chempionatini 64 ta terma jamoagacha kengaytirish imkoniyatini allaqachon oʻrganib chiqdik. Bu masala FIFA Kengashiga topshirildi, biroq hozircha keling, 48 ta jamoa ishtirokidagi ushbu ilk turnirdan zavqlanaylik. 64 ta terma jamoa boʻlsa, ehtimol, Italiya saralashdan oʻta olgan boʻlardi. Ularning ishtirokini kafolatlash uchun hatto jamoalar sonini 208 taga yetkazishimiz ham mumkin edi”, deydi Infantino.
Avvalroq FIFA prezidenti Oʻzbekiston milliy terma jamoasiga 2026-yilgi Jahon chempionati oldidan omad tilagan edi.
Oʻzbekiston milliy terma jamoasi tarixda ilk bor FIFA Jahon chempionati final bosqichiga yoʻllanma oldi. 2026-yilgi mundial AQSH, Kanada va Meksikada boʻlib oʻtadi.
Maʼlumot uchun, Oʻzbekiston terma jamoasi Jahon chempionatidagi ilk oʻyinini Meksikada oʻtkazadi, qolgan ikki uchrashuv esa AQSHdagi stadionlarda boʻlib oʻtadi. “Oq boʻrilar” 18-iyun kuni birinchi turda Kolumbiyaga qarshi maydonga tushadi. Ushbu uchrashuvga Meksika poytaxtidagi “Atsteka” stadioni mezbonlik qiladi.
Jamoa ikkinchi tur doirasida 23-iyun kuni Krishtianu Ronaldu boshchiligidagi Portugaliya terma jamoasi bilan oʻynaydi. Mazkur bellashuv AQSHdagi “Xyuston” stadionida oʻtkazilishi belgilangan. Guruhdagi soʻnggi uchrashuv 28-iyun kuni “Atlanta” stadionida Kongo Demokratik Respublikasiga qarshi boʻlib oʻtadi.








