Daryo

“Buyuk ipak yo‘li” metrosi oldidagi chorrahada yo‘l o‘tkazgich quriladi

Taqdim etilgan loyihaga ko‘ra, Do‘rmon yo‘li chorrahasida tunnel ham quriladi. Mirzo Ulug‘bek ko‘chasi bo‘ylab esa BRT yo‘nalishi ishga tushiriladi.

2 daqiqa o‘qish6 809 ko‘rishlar0 izoh11

Toshkent shahrining Mustaqillik shohko‘chasi, Mirzo Ulug‘bek va Buyuk ipak yo‘li ko‘chalari kesishmasida (“Buyuk ipak yo‘li” metro bekati) ikki qavatli yo‘l o‘tkazgich qurilishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda Toshkent shahri Yo‘l harakatini tashkil etish markazi (YHTEM) tomonidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi, deya xabar bermoqda “Gazeta.uz”.

Tashkent Invest kompaniyasi rahbari Bahrom Shokirovning ta’kidlashicha, barcha o‘zgarishlar aholi va mehmonlarga qulaylik yaratish maqsadida amalga oshirilmoqda. Poytaxt hokimligi ushbu chorrahani muntazam tirbandliklar yuzaga keladigan va YHXX xodimlari kuniga bir necha bor harakatni qo‘lda boshqarishga majbur bo‘ladigan “tor nuqtalardan” biri deb atagan.

Foto: Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati

Loyiha ishlab chiquvchilari ushbu reja vaziyatni ijobiy tomonga o‘zgartirishi kutilayotganini bildirgan. Ularning hisob-kitoblariga ko‘ra, S1 massividan Kichik halqa yo‘ligacha (Temur Malik ko‘chasi) bo‘lgan 8 km masofani bosib o‘tishning o‘rtacha vaqti tig‘iz paytlarda 25 foizga qisqaradi — ya’ni 45 daqiqadan 32 daqiqagacha tushadi.

Avtomobillarning o‘tkazuvchanlik qobiliyati kuniga 98,8 mingdan 120 mingtagacha (21 foizga) oshishi kutilmoqda. Mutaxassislarning hisob-kitobiga ko‘ra, transport vositalarining o‘rtacha harakat tezligi 25 foizga — soatiga 21 kilometrdan 26 kilometrgacha ko‘tariladi. Avtobuslar tezligi esa soatiga 23 kilometrgacha tezlashadi, bu esa jadvallarning aniq bajarilishini ta’minlaydi. Hokimlik zamonaviy texnologiyalar tufayli mazkur bog‘lamadagi asosiy ishlarning faol bosqichi 50−60 kun davom etishini ta’kidlagan.

Loyiha China Construction kompaniyasining xitoylik mutaxassislari ishtirokida hamda mahalliy ixtisoslashtirilgan tashkilotlar bilan kelishilgan holda ishlab chiqilgan.

Foto: Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati

Kompaniya vakilining so‘zlariga ko‘ra, ushbu yechim eng maqbul variant deb topilgan. Jarayonda transport oqimlari o‘rganilib, avtomobillar harakatini modellashtirish uchun sun’iy intellektdan foydalanilgan.

“Loyihaning dastlabki qiymatiga hozirda aniqlik kiritilmoqda va ekspertiza jarayonlari o‘tkazilmoqda”,

dedi hokimlik vakili.

Shuningdek, Mirzo Ulug‘bek ko‘chasi bo‘ylab, avvalgi tramvay yo‘li o‘rnida BRT tamoyili asosida avtobuslar uchun alohida ajratilgan yo‘lak ishga tushiriladi. U Shahrisabz va Mustaqillik ko‘chalari orqali davom ettiriladigan ilk shunday yo‘nalish bilan tutashadi. Ko‘cha bo‘ylab to‘xtash joylari tashkil etiladi. Shu bilan bir qatorda, piyodalar yo‘laklari rekonstruksiya qilinadi, velosiped yo‘laklari yotqiziladi, daraxtlar ekiladi va o‘rindiqlar o‘rnatiladi. Rekonstruksiya ishlari “fasaddan fasadgacha” tamoyili asosida olib boriladi. Ko‘chirib o‘tkaziladigan daraxtlar o‘rniga qo‘shimcha 8 000 gektar yashil maydonlar tashkil etilishi kutilmoqda.

Bundan tashqari Mirzo Ulug‘bek va Do‘rmon yo‘li ko‘chalari kesishmasida ham tunnel quriladi, avtobus bekatlari esa yerusti qismida joylashadi.

Andijondanman. Oʻzbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti hamda Xalqaro Nordik universitetini (magistr) tamomlaganman. “Daryo”da 2019-yildan beri muxbir boʻlib ishlayman va maxsus materiallar, tenderlar, sud hukmlari, tarjimalar bilan shugʻullanaman. 2025-yilda “Oltin qalam” milliy mukofotini olganman. Tarixiy film va seriallarni koʻrishni xush koʻraman. Eng sevimli asarim Togʻay Murodning “Otamdan qolgan dalalar” kitobidir.

Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar