O‘tgan hafta davomida Ukraina armiyasi urush maydonida jami 8010 nafarga yaqin harbiy xizmatchisidan ayrildi. Bu haqda Rossiya Mudofaa vazirligining haftalik hisobotiga tayanib “TASS” xabar berdi.
Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, Ukraina qurolli kuchlarining yo‘qotishlari yo‘nalishlar bo‘yicha quyidagicha taqsimlangan:
- “Shimoliy” jangovar guruh hududida — 1270 dan ortiq;
- “G‘arbiy” jangovar guruh hududida — 1340 dan ortiq;
- “Janubiy” jangovar guruh hududida — 1125 dan ortiq;
- “Markaziy” jangovar guruh hududida — 2045 dan ortiq;
- “Sharqiy” jangovar guruh hududida — 1960 dan ortiq;
- “Dnepr” jangovar guruh hududida — 270 nafargacha askar.
Shuningdek, Qora dengiz floti kuchlari hafta davomida Ukraina harbiy-dengiz kuchlariga tegishli 14 ta ekipajsiz qayiqni yo‘q qilgan. Rossiya havo hujumidan mudofaa tizimlari hafta davomida 53 ta boshqariladigan aviabomba, to‘rtta HIMARS raketasi va 2628 ta dronni urib tushirgan.
Harbiy harakatlar davomida Rossiya artilleriyasi va raketa qo‘shinlari tomonidan Xorvatiyada ishlab chiqarilgan RAK-SA-12 yoppasiga o‘t ochish tizimi, ikkita Grad qurilmasi va ikkita Buk-M1 zenit-raketa majmuasi yo‘q qilindi.
Rossiya harbiylari Ukraina mudofaa sanoati obyektlariga qarshi bitta yalpi va beshta guruhli zarba berdi. Bu Ukrainaning Rossiya fuqarolik obyektlariga hujumlariga javoban amalga oshirilgani aytilmoqda.
Zarbalar oqibatida energiya, transport va port infratuzilmalari, shuningdek, xorijiy yollanma askarlar joylashgan nuqtalar nishonga olingan. Xususan, Tuapse shahridagi neftni qayta ishlash zavodiga hujum uyushtirilgan. Oqibatda rezervuar shikastlanib, ko‘chalarda qaynoq neft oqqan.
Rossiya Mudofaa vazirligi o‘tgan hafta davomida oltita aholi punkti nazoratga olingani va yana to‘rttasi butunlay ozod qilinganini bildirdi. Ular quyidagilardir:
- Xarkov viloyatida: Pokalyanoye, Bochkovo va Zemlyanki;
- Sumi viloyatida: Korchakovka, Novodmitrovka va Taratutino;
- Donetsk xalq respublikasida: Ilyichovka, Ilyinovka, Novodmitrovka va Novoaleksandrovka.
Ta’kidlash joizki, bu ma’lumotlar Ukraina tomonidan tasdiqlanmagan.
Ukraina: Ternopolga ommaviy dron hujumi uyushtirildi
1-may kuni Rossiya kuchlari Ukraina g‘arbidagi Ternopol shahriga 50 dan ortiq Shahed rusumli dronlar bilan hujum qildi. Shahar meri Sergey Nadalning so‘zlariga ko‘ra, hududda 20 dan ortiq portlash ovozi eshitilgan.
Hujum oqibatida sanoat va infratuzilma obyektlariga zarar yetgan. 10 kishi jarohatlangan, ularning ayrimlari og‘ir ahvolda. Hozircha qurbonlar haqida ma’lumot yo‘q. Bundan tashqari, shaharning ayrim dahalari elektr ta’minotisiz qolgan. Hozirda ta’mirlash guruhlari tiklash ishlarini olib bormoqda.
Shahar meri aholini xavf haqida ogohlantirdi:
“Shaharda xavfli qoldiqlar bo‘lishi mumkin. Ularga yaqinlashmang va tegmang. Farzandlaringizni ham ogohlantiring. Shubhali narsa ko‘rsangiz, 911 xizmatiga qo‘ng‘iroq qiling”.








