Shavkat Mirziyoyev rahbarligida 3-aprel kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda sud boshqaruvchilari faoliyati samaradorligini oshirish maqsadida Sud boshqaruvchilari palatasini tashkil etish taklif qilindi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, yangi tuzilma sud boshqaruvchilari faoliyatini muvofiqlashtirish, ularning kasbiy tayyorgarligi va malakasini oshirishni tashkil etish bilan shug‘ullanadi. Shuningdek, palata tomonidan qonunchilik va kasb etikasiga rioya etilishi monitoring qilinadi hamda sud boshqaruvchilarining huquq va manfaatlarini himoya qilish mexanizmlari yo‘lga qo‘yiladi.
Yig‘ilishda moliyaviy ahvoli og‘ir biznes subyektlarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan yangi moliyaviy mexanizmlar ham taqdim etildi. Unga ko‘ra, kichik va o‘rta tadbirkorlar uchun Biznesni kafolatlash milliy kompaniyasi orqali kafillik berish, Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi orqali esa tijorat banklarida past foizli kredit liniyalarini ochish rejalashtirilmoqda.
Mazkur mexanizmlar doirasida tijorat banklari tomonidan ajratilgan kreditlar bo‘yicha asosiy qarz va foizlarni sanatsiya yakunlangunga qadar kechiktirish, qarzdorlikni restrukturizatsiya qilish hamda kreditlarni sanatsiyadan so‘ng uch yil ichida qaytarish imkoniyatlari yaratiladi.
Joriy yilda kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash maqsadida 140 trillion so‘m kredit ajratish, shuningdek, ishlab chiqarish, savdo va xizmatlar infratuzilmasini yaxshilash uchun hududlarga 20 trillion so‘m yo‘naltirish rejalashtirilgan. Mahallalardagi tadbirkorlikni rivojlantirish uchun 8 milliard dollar yo‘naltiriladi.
Ushbu majlisda Adliya vazirligi huzurida to‘lovga qobiliyatsizlik ishlari bo‘yicha maxsus agentlik tashkil etish taklif qilingan. Yangi tuzilma sohada yagona davlat siyosatini yuritish, tegishli idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish hamda bankrotlik omillarini tahlil qilish bilan shug‘ullanadi.








