Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston davlat mustaqilligining 35 yilligini keng nishonlash to‘g‘risidagi qarorni imzoladi. Hujjatda bayram tadbirlarini yuqori saviyada o‘tkazish va mamlakat taraqqiyotini keng yoritish vazifalari belgilandi.
Qarorga ko‘ra, “Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” g‘oyasi asosida bayram konsepsiyasi tasdiqlanib, tayyorgarlik va o‘tkazish bo‘yicha respublika komissiyasi tuzildi. Ushbu komissiya hududlarda va respublika miqyosida keng qamrovli tadbirlar dasturini ishlab chiqib, uning ijrosini ta’minlaydi.
Hujjatda aprel–sentyabr oylarida respublika bo‘ylab “Mustaqillik to‘yi” festivali doirasida ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, ijtimoiy loyihalar va uchrashuvlar o‘tkazilishi nazarda tutilgan. Shuningdek, Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan asosiy bayram tadbirlariga taniqli ijodkorlar va san’at vakillarini jalb etish rejalashtirilgan.
Qarorga muvofiq, mustaqillikning 35 yilligi arafasida yirik sanoat, madaniyat, ta’lim va sport obyektlarini ishga tushirish marosimlari tashkil etiladi. Bundan tashqari, “Vatan fidoyilari” ramziy monumenti loyihasi ishlab chiqilib, kelgusida hududlarda barpo etiladigan bog‘larda o‘rnatilishi ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, “Mustaqillik zafarnomasi” nomli maxsus kitob-albom tayyorlanadi, #Mustaqillik35 va #Uzb35 heshteglari ostida targ‘ibot aksiyalari yo‘lga qo‘yiladi. Telekanallarda mustaqillik tarixiga bag‘ishlangan hujjatli filmlar va ko‘rsatuvlar namoyish etilishi rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, Toshkentda xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazish, xorijdagi vatandoshlar ishtirokida madaniy tadbirlar tashkil etish hamda Mustaqillikning 35 yilligiga bag‘ishlangan esdalik oltin tangani zarb etish choralari belgilangan.








