Daryo

Italiya Yevro-2032 mezbonligidan mahrum qilinishi mumkin

Ushbu musobaqa Italiya va Turkiya maydonlarida o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

1 daqiqa o‘qish3 116 ko‘rishlar0 izoh3

UEFA prezidenti Aleksander Cheferin Italiya sport infratuzilmasi yetarli darajada rivojlanmagani sababli 2032-yilgi Yevropa chempionatini o‘tkazish huquqidan mahrum bo‘lishi mumkinligidan ogohlantirdi. Bu haqda Gazzetta dello Sport nashri xabar bermoqda.

Yevro-2032 musobaqasi Italiya va Turkiya maydonlarida o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Biroq UEFA rahbari tashkilot talablariga javob bermaydigan stadionlar masalasiga jiddiy e’tiroz bildirdi.

“Menimcha, italiyalik siyosatchilar nega mamlakatda Yevropadagi eng yomon futbol infratuzilmalaridan biri ekanligi haqida o‘ylab ko‘rishlari kerakdir. Yevropa chempionati o‘tkazilishi belgilangan va u bo‘lib o‘tadi. Umid qilamanki, infratuzilma tayyor bo‘ladi. Aks holda, turnir Italiyada o‘tkazilmaydi”, deya ta’kidladi Cheferin.

UEFA rahbarining so‘zlariga ko‘ra, Italiya futbolidagi eng katta muammo — futbol siyosati va “oddiy” siyosat o‘rtasidagi munosabatlardir. U agar barcha tomonlar hamjihatlikda ishlasa, Italiya yana jahon va Yevropa chempioniga aylanishiga ishonishini qo‘shimcha qildi.

Eslatib o‘tamiz, Yevro-2032 o‘yinlari o‘tkaziladigan stadionlarning yakuniy ro‘yxatini taqdim etish muddati 2026-yilning oktyabriga qadar belgilangan. Avvalroq, Milandagi mashhur “San-Siro” arenasi UEFA talablariga javob bermasligi va hatto to‘liq rekonstruksiyadan so‘ng ham turnir o‘yinlarini qabul qila olmasligi haqida xabarlar tarqalgan edi.

Ma’lumot uchun, yaqindagina Italiya terma jamoasi JCH-2026 saralashining o‘tish turniri finalida Bosniya va Gersegovinaga penaltilar seriyasida imkoniyatni boy berib, ketma-ket uchinchi bor Jahon chempionatisiz qoldi.

Qashqadaryo viloyatidanman. O’zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti, Bosma OAV fakulteti, Sport jurnalistikasi yo‘nalishini tugatganman. “Daryo”da 2025-yilning mart oyidan beri ishlayman va xabarlar hamda tahliliy maqolalar yozaman. Har yili Qozog‘istonning “Hokim” kinosini kamida bir marta ko‘raman. Said Ahmadning “Ufq” trilogiyasini sevib o‘qiyman.

Telegram kanal@Daryo_Sport24Obuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar