Farg‘ona viloyatida giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasi bilan shug‘ullangan 5 kishiga jazo tayinlandi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, muqaddam narkokuryerlar tomonidan katta miqdordagi giyohvandlik vositalari Afg‘onistondan kontrabanda yo‘li bilan Surxondaryo viloyati hududiga olib o‘tilib, keyinroq Yozyovon tumanidagi dala maydoniga berkitib ketilgan bo‘lgan.
Tezkor tadbir davomida Marg‘ilon shahrida yashovchi, 1983-yilda tug‘ilgan xususiy tadbirkor hamda uning 1989-yilda tug‘ilgan jinoiy sherigi mazkur xufiya joydan 9 kilogramm 896 gramm gashish moddasini olgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Shuningdek, qo‘lga olish jarayonida voqea joyidan qochishga uringan tadbirkorning yonidan 14,5 ming AQSH dollari va 6 million 250 ming so‘m pul mablag‘lari ham olingan.
Bundan tashqari, tergovga qadar tekshiruv davomida mazkur jinoyatga aloqador bo‘lgan Farg‘ona shahrida istiqomat qiluvchi, 1980-yilda tug‘ilgan fuqaroning yashash xonadonidan 110 gr opiy moddasi, 2 ta elektron tarozi, 1200 AQSH dollari hamda 28 million so‘m olingan.
Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, olib borilgan tergov harakatlari davomida esa mazkur noqonuniy ishga 1990 va 1995-yillarda tug‘ilgan aka-ukalarning ham aloqadorligi aniqlangan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Bog‘dod tuman sudining hukmiga muvofiq, ushbu 5 nafar sudlanuvchi tegishliligi bo‘yicha Jinoyat kodeksining 246 (kontrabanda), 273 (giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish) va 276-moddalari (giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlamay qonunga xilof ravishda tayyorlash, egallash, saqlash va boshqa harakatlar) bilan aybdor deb topilib, ularga nisbatan 12 yildan 15 yilgacha bo‘lgan muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.








