Fransiyaning nufuzli L’Équipe nashri Angliya Premyer Ligasida eng ko‘p oylik maosh oladigan top-5 futbolchi ro‘yxatini taqdim etdi. Reytingda “Manchester Siti” hujumchisi Erling Holand peshqadamlik qilmoqda — uning bir oylik maoshi 2,63 mln yevroni tashkil etadi.
Ro‘yxatning ikkinchi pog‘onasidan yozda “Liverpul”ni tark etishi kutilayotgan Muhammad Saloh joy olgan. Mersisaydliklar misrlik futbolchi uchun oyiga 2 mln yevro maosh to‘laydi. Kuchli uchlikni esa “Manchester Yunayted” yarim himoyachisi Kazemiro yakunlab bergan — 1,75 mln yevro.
APLda eng ko‘p maosh oluvchi futbolchilar (oyiga):
- Erling Holand (“Manchester Siti”) — 2,63 mln yevro;
- Muhammad Saloh (“Liverpul”) — 2 mln yevro;
- Kazemiro (“Manchester Yunayted”) — 1,75 mln yevro;
- Virjil van Deyk (“Liverpul”) — 1,75 mln yevro;
- Brunu Fernandesh (“Manchester Yunayted”) — 1,5 mln yevro;
- Bukayo Saka (“Arsenal”) — 1,5 mln yevro.
O‘zbekistonlik himoyachi Abduqodir Husanov ro‘yxatdan joy olmagan. Ammo Capology portalida futbolchining “Manchester Siti”dagi yillik daromadi 3,8 million yevro etib belgilangan. Bu uning oyiga 316 ming, haftasiga esa 73 ming yevro daromad topishini anglatadi. Husanov va “Manchester Siti” o‘rtasidagi kelishuv 2025-yil 20-yanvarda imzolangan bo‘lib, kelishuv 2029-yil 30-iyunga qadar amal qiladi. To‘rt yillik umumiy shartnoma qiymati bonuslar bilan birga taxminan 15,2 million yevroni tashkil etadi.
Ma’lumot uchun, Angliya chempionatning 31-turidan so‘ng turnir jadvalida “Arsenal” 70 ochko bilan peshqadamlik qilmoqda. “Manchester Siti” esa bir o‘yin kam o‘tkazgan holda 61 ochko bilan ikkinchi o‘rinda bormoqda. Kuchli to‘rtlikni mos ravishda “Manchester Yunayted” (55 ochko) va “Aston Villa” (54 ochko) yakunlab turibdi.








