O‘zbekiston prezidenti tomonidan 2026-yil 27-mart kuni “Jazoni ijro etish muassasalaridagi yoshlarni zamonaviy kasblarga o‘qitishga oid chora-tadbirlar” to‘g‘risida qaror (PQ–117-son) qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, jazoni o‘tayotgan yoshlar uchun “Ikkinchi imkon” nomli ijtimoiy reabilitatsiya milliy loyihasi amalga oshiriladi.
2026-yil 1-iyundan Toshkent, Navoiy va Qashqadaryo viloyatlaridagi, 2027-yil 1-martdan esa respublikaning boshqa hududlaridagi jazoni ijro etish muassasalarida yoshlar zamonaviy raqamli kasblarga o‘qitiladi.
Kurslar 8–12 oy davom etadigan intensiv dasturlar asosida tashkil qilinadi. Ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan va og‘ir bo‘lmagan jinoyatlarni sodir etgan yoshlar kurslarga jalb qilinadi. Talabalar ingliz, rus, xitoy va boshqa tillarni ham o‘rganadi. Kursni muvaffaqiyatli tamomlagan yoshlar elektron sertifikat bilan taqdirlanadi.
Mazkur loyiha jazoni o‘tayotgan yoshlarni jamiyatga qayta integratsiya qilish va ularni zamonaviy kasblar bilan ta’minlashga qaratilgan.
Oldinroq O‘zbekistonda jazoni o‘tayotgan mahkumalarga oliygohlarga kirish va masofaviy o‘qish imkoniyati yaratilishi aytilgan edi.








