Daryo

Ispaniya 16 yoshdan kichiklarga ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlaydi

Hukumat noqonuniy yoki nafrat uygʻotuvchi kontentni olib tashlamagan ijtimoiy tarmoq rahbarlarini jinoiy javobgarlikka tortishga qaratilgan yangi qonunlarni ishlab chiqadi.

2 daqiqa o‘qish1 301 ko‘rishlar0 izoh0

Ispaniya 16 yoshgacha bo‘lganlar uchun ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni taqiqlaydi va platformalardan yoshni qat’iy tekshiruvchi vositalarni joriy etishni talab qiladi. Bu haqda CNN xabar berdi.

Shu tariqa mamlakat Avstraliya, Fransiya va Daniya kabi raqamli platformalarning bolalarga ta’sirini cheklash bo‘yicha choralar ko‘rayotgan davlatlar safiga qo‘shiladi.

“Platformalar yoshni tekshirishning samarali tizimlarini joriy etishga majbur bo‘ladi — bu shunchaki qog‘ozdagi talab emas, balki real ishlaydigan to‘siqlar bo‘lishi kerak. Farzandlarimiz hech qachon yolg‘iz holda kirib borishi ko‘zda tutilmagan makonda qolmoqda. Bu — qaramlik, zo‘ravonlik, pornografiya, manipulyatsiya va zo‘rlik hukmron bo‘lgan makon. Biz bunga endi ko‘z yumib turolmaymiz, ularni raqamli yovvoyi G‘arbdan himoya qilamiz”, dedi Ispaniya bosh vaziri Pedro Sanches.

​

U Dubayda bo‘lib o‘tgan Jahon hukumatlari sammitida so‘zlagan nutqida Ispaniya hukumati noqonuniy yoki nafratli kontentni olib tashlamagan ijtimoiy tarmoq rahbarlarini jinoiy javobgarlikka tortishga qaratilgan yangi qonunlar kiritishini aytdi.

Yangi qoidalar noqonuniy kontentni algoritmlar orqali tarqatishni kuchaytirgan shaxslar va platformalarga ham sanksiyalar qo‘llashni nazarda tutadi.

“Algoritmlar orqali manipulyatsiya qilish va noqonuniy kontentni keng yoyishni yangi jinoyat deb belgilaymiz. Nafrat tarqatish qimmatga tushishi kerak”, dedi u.

​

Qonun qabul qilish jarayoni kelasi haftadan boshlanadi. Taklif etilayotgan boshqa chora-tadbirlar qatoriga “nafrat va qutblanish izi”ni ishlab chiqish ham kiradi, dedi Sanches. Mazkur tizim raqamli platformalar jamiyatdagi bo‘linishni qanday kuchaytirayotgani va nafratni qanday yoyayotganini kuzatish hamda miqdoriy baholashga xizmat qiladi.

Dekabr oyida Avstraliya dunyoda birinchi bo‘lib 16 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlar uchun ijtimoiy tarmoqlarga taqiq joriy etdi va Facebook, TikTok, Instagram, Snapchat hamda X kabi 10 ta platformaga kirishni chekladi. Buyuk Britaniya shunga o‘xshash chorani ko‘rib chiqmoqda, Fransiya va Daniya esa yaqinda 15 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini to‘xtatish rejalarini e’lon qildi. Ozarbayjonda esa bolalarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini tartibga solish bo‘yicha parlament eshituvini o‘tkazish tashabbusi ilgari surilgan. Qozog‘istonda ham bu masala ko‘rib chiqilmoqda.

Sanchesning aytishicha, Ispaniya “ijtimoiy tarmoqlarni yanada qat’iy, tez va samarali tartibga solish majburiyatini olgan” yana beshta Yevropa davlati bilan kuchlarni birlashtirgan. U mamlakatlar nomini ochiqlamadi, biroq guruh yaqin kunlarda ilk yig‘ilishini o‘tkazishini ma’lum qildi.

“Bu har qanday mamlakat chegarasidan ancha chetga chiqadigan jang”, dedi Sanches.

​

Karimova Zulfiya Abduhakim qizi. 1999-yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. Millati — o‘zbek. 2023-yilda O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining xalqaro jurnalistika yo'nalishi bakalavr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar