AQSH prezidenti Donald Tramp Yaqin Sharqqa qo‘shimcha 10 minggacha qo‘shin yuborishni ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda rejalardan xabardor Pentagon rasmiylari The Wall Street Journal gazetasiga ma’lum qildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, bu kuchlar tarkibiga 10 minggacha harbiy xizmatchi va zirhli texnika kirishi mumkin. Ular avvalroq mintaqaga yuborilgan qariyb 5 ming dengiz piyodasi va 82-havo-desant diviziyasi askarlariga qo‘shiladi.
“Avval ham aytganimizdek, barcha harbiy variantlar prezident Tramp ixtiyorida qoladi”, dedi Oq uy matbuot kotibi o‘rinbosari Anna Kelli.
Hozircha qo‘shinlar qayerga joylashtirilishi aniq emas. Ular Eron chegarasi yaqinida yoki Eron neftining 90 foizi eksport qilinadigan Xarg oroli atrofida joylashtirilishi mumkin. Fors ko‘rfazida joylashgan, uzunligi qariyb 8 kilometr bo‘lgan Xarg oroli mamlakatning muhim neft markazi hisoblanadi.
WSJ jurnalisti Aleks Uord ma’lumotiga ko‘ra, AQSH allaqachon Eron hududida quruqlikdagi operatsiyani o‘tkazishni rejalashtirgan. Piyoda qo‘shinlar ishtiroki yaqin vaqt ichida boshlanishi mumkin. Eron agar quruqlikdan hujum boshlansa, butun Fors ko‘rfazini minalashtirishidan ogohlantirgan. Quruqlikdagi harbiy operatsiya AQSH prezidenti Donald Trampning urushni may oyigacha tugatish rejalariga ham ta’sir ko‘rsatadi.








