Surxondaryoda issiqxona yuritish shu uchta faktor sababli Toshkentdan 2,5 baravar arzon tushadi. Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasining Maxsus komissiyasi axborotida ma’lum qilindi.
Qayd etilishicha, O‘zbekiston hududlari kesimida issiqxona samaradorligiga ta’sir qiluvchi asosiy omillar — bu quyosh nurlanishi (insolyasiya), tashqi harorat va isitishga ketadigan energiya sarfidir. Ilmiy tadqiqotlarga ko‘ra, aynan shu uchta faktor mahsulot tannarxining katta qismini belgilab beradi.
Qish oylarida tashqi harorat qanchalik past bo‘lsa, issiqxonani optimal (18–22°C) haroratda ushlab turish uchun shunchalik ko‘p energiya talab qilinadi. Masalan, Toshkentda yanvar oyida o‘rtacha harorat +6°C, Termizda esa +10,8°C ni tashkil qiladi. Bu farq kichikdek ko‘rinsa-da, isitish xarajatlarida geometrik o‘sishga olib keladi. Chunki har bir 1°C pasayish qo‘shimcha yoqilg‘i va energiya talab qiladi.
Shu sababli Toshkent viloyatida 1 tonna mahsulot tannarxi 11,9 mln so‘mga, Surxondaryoda esa 4,9 mln so‘mga aylanadi. Ya’ni qariyb 2,5 baravar farq kuzatiladi.
Surxondaryo, ayniqsa Termiz va Sherobod hududlari, yillik insolyasiya darajasi bo‘yicha respublikada yetakchi hisoblanadi. Ilmiy jihatdan bu — kun davomida fotosintez jarayoni faolroq kechishini, qo‘shimcha sun’iy yoritish ehtiyoji kamayishini, o‘simliklar o‘sishi tezlashishi va hosildorlik oshishini anglatadi. Natijada, energiya tejaladi va mahsulot tannarxi pasayadi.
Bundan tashqari, Surxondaryoda qishning nisbatan yumshoq o‘tishi issiqxonalarda isitish tizimlariga bo‘lgan yuklamani kamaytiradi, avariyaviy holatlar xavfini pasaytiradi, yil davomida uzluksiz ishlab chiqarish imkonini oshiradi. Bu esa issiqxona egalari uchun moliyaviy barqarorlikni ta’minlaydi.
Bu masala prezident Shavkat Mirziyoyev 23-mart kuni ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida 2026-2030-yillarga moʻljallangan ustuvor umummilliy loyihalar yuzasidan taqdimot bilan tanishganida ham ko‘tarilgandi. Mahsulotlarni insolyatsiya darajasi yuqori bo‘lgan hududlarda yetishtirish issiqxona xo‘jaliklarining moliyaviy holati uchun ham, ichki bozordagi narx barqarorligi nuqtayi nazaridan ham manfaatli hisoblanishi qayd etilgandi.
Shu bois, Toshkent shahri va unga tutash hududlardagi issiqxonalarni energiya tejamkor va tabiiy-iqlim sharoiti qulay boʻlgan hududlarga bosqichma-bosqich koʻchirish taklifi bildirilgandi. Xususan, Surxondaryo viloyatining Sherobod tumanida kamida 940 gektar maydonda agropark tashkil etish rejalashtirilgan. Bu hududda quyosh nurlanishi yuqori, qish nisbatan yumshoq, isitish xarajatlari ancha past boʻlib, bu mahsulot tannarxini keskin tushirish imkonini beradi.
Davlat rahbari Surxondaryo sharoitida issiqxonadan mahsulot olish boshqa joylardan 2-3 barobar arzon tushishi haqida 2026-yilning fevralida viloyatni kompleks rivojlantirish bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazganida ham ma’lum qilgandi.
Avvalroq Surxondaryoda 2026-yilda Ispaniyaning Almeriya hududi tajribasi asosida issiqxonalar tashkil qilinishi xabar qilingandi. Bunday issiqxonalar quyoshda isitiladi. Ularni ming gektar joyda tashkil qilish rejalashtirilgan. Shu kabi issiqxonalarni qurishda tadbirkorlarga yerlar 5 yilga bepul ijaraga berilishi hamda yer osti suvi uchun to‘lovdan 3 yilga imtiyoz taqdim qilinishi ko‘zda tutilgan.








