Daryo

Rossiya Ukrainaga bir kecha-kunduzda qariyb mingta dron uchirdi (video)

O‘n bitta viloyatga amalga oshirilgan hujumlar oqibatda yetti kishi halok bo‘ldi.

1 daqiqa o‘qish6 398 ko‘rishlar0 izoh6

Rossiya armiyasi 24-mart kuni Ukrainaga qarshi qariyb 1000 ta drondan iborat ulkan havo hujumini amalga oshirdi. Oqibatda kamida 7 kishi halok bo‘ldi. Bu haqda The Guardian xabar berdi.

Ukraina rasmiylarining ma’lum qilishicha, Moskva tungi vaqtda 400 ga yaqin uzoq masofaga uchuvchi dron va 23 ta qanotli raketa uchirgan. Shundan so‘ng, seshanba kuni kunduzgi vaqtda kutilmaganda yana 556 ta dron bilan mamlakat g‘arbidagi shaharlarga zarba berilgan.

Bu keng ko‘lamli bosqin boshlanganidan (to‘rt yildan ortiq vaqt) buyon amalga oshirilgan eng yirik havo hujumlaridan biri sifatida baholanmoqda.

Rossiya droni Lvov viloyatining YuNESKO ro‘yxatiga kiritilgan tarixiy markazidagi XVI asrga oid Bernardin monastiriga zarba bergan. Ijtimoiy tarmoqlarda kamikadze-dronning gavjum ko‘chaga kelib urilishi aks etgan daxshatli kadrlar tarqaldi. Prezident Vladimir Zelenskiy hujumlar oqibatida mamlakatning 11 ta viloyatiga zarar yetkazilganini aytdi.

Qo‘shni Moldova hukumati ham Rossiya zarbalari oqibatida Yevropa bilan bog‘lovchi asosiy elektr uzatish liniyasi shikastlanganini ma’lum qildi va aholidan energiya iste’molini kamaytirishni so‘radi.

Rossiya qo‘shinlari sharqiy frontda, xususan Donetsk viloyatida sekinlik bilan ilgarilab, Slavyansk shahri chekkasidan 20 kilometr uzoqlikdagi pozitsiyalarga yaqinlashgan. Shuningdek, Zaporojye viloyatining Zaliznichne hududida ham Rossiyaning oldinga siljishi kuzatilgan. Biroq, Ukraina fevral oyida muhim muvaffaqiyatga erishgan. Ukraina qurolli kuchlari Zaporojye janubida 388 kvadrat kilometr hududni qayta egallagan.

Zelenskiy ittifoqchilardan zudlik bilan havo hujumidan mudofaa tizimlarini so‘ramoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, Vashingtonning diqqat-e’tibori Eron urushiga qaratilgani sababli, Ukraina Patriot raketalari taqchilligiga duch kelishi mumkin.

“Ukrainska Pravda” nashrining Florida shtatida o‘tgan muzokaralarga tayanib xabar berishicha, AQSH Ukrainaga Donetsk viloyatidan qo‘shinlarini olib chiqish bo‘yicha bosim o‘tkazgan. Aks holda, Vashington tinchlik muzokaralaridan chekinib, e’tiborini to‘liq Eronga qaratishi mumkinligidan ogohlantirgan. Zelenskiy esa qo‘shinlarni olib chiqish faqat G‘arbdan qat’iy xavfsizlik kafolatlari olingan taqdirdagina mumkinligini ta’kidlamoqda.

Mirzayeva Dilafroʻz Safar qizi. 1999-yilda Toshkent viloyatida tavallud topgan. Millati — oʻzbek. 2024-yilda Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetining Sinxron tarjima yoʻnalishi magistr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar