Daryo

O‘zbekistonda sanoat xavfsizligi to‘g‘risidagi qonun yangilanadi

2006-yilda qabul qilingan qonunni to‘liq yangilash taklif etildi. Loyiha sanoat xavfsizligi auditini joriy etish va jamoatchilik nazoratini kuchaytirishni nazarda tutadi.

1 daqiqa o‘qish2 912 ko‘rishlar0 izoh0

O‘zbekistonda sanoat xavfsizligi sohasini tartibga soluvchi qonunchilikni yangilash rejalashtirilmoqda. Bu haqda parlament quyi palatasi majlisida ko‘rib chiqilgan qonun loyihasi muhokamalari davomida ma’lum qilindi.

Qayd etilishicha, majlisda xavfli ishlab chiqarish va potensial xavfli obyektlarda sanoat xavfsizligi sohasidagi munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi. So‘nggi yillarda yangi sanoat tarmoqlarining rivojlanishi, yuqori xavfli texnologiyalarning joriy etilishi hamda avariyalar tahlili ushbu yo‘nalishda qonunchilikni takomillashtirish zaruratini yuzaga keltirgan.

Shu munosabat bilan 2006-yilda qabul qilingan amaldagi qonunni to‘liq qayta ishlab chiqish va uni yangilangan tahrirda qabul qilish taklif etilmoqda. Loyiha doirasida xavfli ishlab chiqarish obyektlarida sanoat xavfsizligi boshqaruv tizimini auditdan o‘tkazish mexanizmini joriy etish nazarda tutilgan.

Mazkur audit orqali korxonalarda xavfsizlik tizimining belgilangan talablarga muvofiqligi baholanadi, avariyalar va baxtsiz hodisalarning oldini olishga qaratilgan choralar samaradorligi tahlil qilinadi. Shuningdek, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha ta’sirchan mexanizmlar ishlab chiqilishi ko‘zda tutilmoqda. Loyiha bilan birga sanoat xavfsizligi qoidalariga rioya etilishi ustidan jamoatchilik nazoratini kuchaytirish ham taklif etilmoqda.

Bundan tashqari, hujjatda sug‘urta tizimini takomillashtirish ham nazarda tutilgan. Xususan, xavfli ishlab chiqarish obyektlarida avariya sodir bo‘lgan taqdirda fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish bo‘yicha eng kam sug‘urta summalarini belgilash taklif etilgan.

Majlisda ta’kidlanganidek, mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi sanoat xavfsizligi sohasidagi qonunchilikni yanada takomillashtirish hamda ushbu yo‘nalishda faoliyat yurituvchi subyektlar mas’uliyatini oshirishga xizmat qiladi. Muhokamalardan so‘ng hujjat deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilindi.

Eslatib o‘tamiz, prezident 2024-yil 24-dekabrda “Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi sohasida davlat nazoratini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonni imzolagandi. Hujjat bilan sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi bo‘yicha talablarni buzganlik uchun javobgarlik kuchaytirish belgilangan.

Navoiydanman. Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining Internet jurnalistika yoʻnalishini tamomlaganman. “Daryo”da 2026-yildan buyon Mahalliy xabarlar boʻlimida muharrir sifatida faoliyat yuritib, yangiliklar va jamlanmalar yozaman. Zemekisning “Forrest Gamp” filmini 20 martadan koʻproq tomosha qilganman. Kafkaning “Qalʼa” romanini qayta-qayta oʻqiyman.

Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar