Nufuzli Goal portali UEFA Chempionlar Ligasi 1/8 final bosqichi yakunlangach, turnir g‘olibligi uchun asosiy da’vogarlar ro‘yxatini yangiladi. Reytingning avvalgi talqinida peshqadamlik qilgan Myunxenning “Bavariya” jamoasi bu safar ikkinchi o‘ringa tushib ketdi.
Yangi reytingda Londonning “Arsenal” klubi peshqadamlikni qo‘lga oldi. “Kanonirlar” turnirning 1/4 finalida Portugaliyaning “Sporting” jamoasiga qarshi maydonga tushadi. Agar London klubi ushbu to‘siqdan o‘ta olsa, yarim finalda “Barselona” va “Atletiko” juftligi g‘olibi bilan kuch sinashadi.
Goal nashri talqiniga ko‘ra, kuchli uchlikni Fransiyaning “PSJ” klubi yakunlab bergan. Keyingi o‘rinlardan mos ravishda Madridning “Real”, “Barselona”, “Atletiko Madrid”, “Liverpul” va Lissabonning “Sporting” klublari joy olgan.
Goal talqiniga ko‘ra, YCHL favoritlari ro‘yxati:
- “Arsenal” (Angliya)
- “Bavariya” (Germaniya)
- “PSJ” (Fransiya)
- “Real Madrid” (Ispaniya)
- “Barselona” (Ispaniya)
- “Atletiko Madrid” (Ispaniya)
- “Liverpul” (Angliya)
- “Sporting” (Portugaliya)
YCHL 2025/26-mavsumi 1/4 final juftliklari:
- “Sporting” — “Arsenal”
- “Real Madrid” — “Bavariya”
- “PSJ” — “Liverpul”
- “Barselona” — “Atletiko Madrid”
Ma’lumot o‘rnida, chorak finalning dastlabki bahslari 2026-yilning 7-aprel, seshanba kuni bo‘lib o‘tishi belgilangan.
Eslatib o‘tamiz, Yevropa Chempionlar Ligasining amaldagi g‘olibi “PSJ” klubi hisoblanadi. Parijliklar o‘tgan mavsum musobaqa finalida “Inter”ni 5:0 hisobida mag‘lub etib, bosh sovringa ega chiqqan edi.








