Shavkat Mirziyoyev 18-mart kungi majlisda turizm sohasini rivojlantirish bo‘yicha yangi vazifalarni belgilab berdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, xalqaro turizm bozoridagi noaniqliklar fonida O‘zbekistonni xavfsiz turistik yo‘nalish sifatida targ‘ib qilish maqsadida keng ko‘lamli kampaniya boshlanadi. Shu doirada aprel–iyun oylarini qamrab olgan alohida dastur ishlab chiqilib, mamlakatda “O‘zbekistonda ochiq turizm mavsumi” e’lon qilinadi.
Ma’lum qilinishicha, ushbu davrda yangi reyslarni yo‘lga qo‘ygan aviakompaniyalarga olib kelingan har bir xorijiy sayyoh uchun 100 dollardan subsidiya ajratiladi. Bundan tashqari, ularga aeroport xizmatlari uchun 20 foiz chegirma taqdim etiladi.
Shuningdek, 1-apreldan boshlab mahalliy turoperatorlar uchun ham qo‘shimcha rag‘batlar joriy etiladi. Xususan, uch oy davomida jalb qilingan 1 ming xorijlik turist uchun 5 ming dollargacha subsidiya beriladi, qo‘shilgan qiymat solig‘ining yarmi esa keshbek sifatida qaytariladi.
Ijtimoiy tarmoqlarda katta auditoriyaga ega xorijiy blogerlarga bepul turpaketlar taqdim etilishi va yirik onlayn platformalarda mamlakat turizmini targ‘ib qilish xarajatlari qoplab berilishi ham ko‘zda tutilgan.








