Kubada elektr energiyasining to‘liq uzilish yuz berdi, taxminan 10 million kishi ta’minotsiz qoldi. Bu haqda UNE davlat elektr tarmoqlari operatoriga tayanib, Deutsche Welle xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, hozirda elektr ta’minotini tiklash choralari ko‘rilmoqda. Kubadagi joriy blekautdan oldin elektr ta’minotida bir qator uzilishlar bo‘lgandi. Ba’zi hollarda aholi bir necha kun davomida elektrsiz qolgan.
Mazkur vaziyat fonida 14 va 15-mart kunlari mamlakatda norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tdi, ular ba’zi joylarda ko‘cha tartibsizliklariga aylandi. Namoyishlarning ilk kunida bir guruh odam hukmron Kommunistik partiyaning Moron shahridagi shtab-kvartirasiga hujum qildi.
Kubadagi iqtisodiy va energetik inqiroz AQSHning neft blokadasi tufayli sezilarli darajada kuchaygan. Orolning energiya ta’minoti asosan eskirgan neft elektr stansiyalari hisobidan amalga oshiriladi. Yaqin vaqtgacha Venesuela Kubaga neft yetkazib beruvchi asosiy davlat edi. Biroq 2026-yilning yanvar oyida Qo‘shma Shtatlar ushbu mamlakatga hujum qilib, uning prezidenti Nikolas Maduroni qo‘lga olganidan so‘ng, Karakas kubaliklarga neft yetkazib berishni to‘xtatdi.
Bundan tashqari, Vashington Kubaga neft sotadigan davlatlarga yuqori bojlar joriy etish bilan tahdid qilgan. AQSH prezidenti Donald Tramp Eronga qarshi urush va Nikolas Maduroning hokimiyatdan ag‘darilishidan keyin Kuba uning navbatdagi kun tartibidagi masala bo‘lishini aytgandi.
Kuba prezidenti Migel Dias-Kanel fevral oyi boshida AQSH blokadasini “fashistik, jinoiy va genotsidga qaratilgan harakat” deb qoralagandi. Biroq, 13-mart kuni u AQSH bilan muzokaralar boshlanganini e’lon qildi va bu aloqalarni kuchayib borayotgan energetika inqirozi sharoitida birinchi marta rasman tan oldi.
Donald Tramp Kuba haqida
16-aprel kuni Donald Tramp jurnalistlar bilan muloqotda “Kubaga ega chiqish sharafiga muyassar bo‘lishini” aytgan.
“Masalan, Kubani olaylik. Men uni ozod qilishni, uni qo‘lga olishni nazarda tutyapman. U bilan xohlagan ishimni qila olaman, deb o‘ylayman. Hozir bu juda zaif mamlakat”, degan u.








