Daryo

AQSH Kubaga neft yetkazib beradigan davlatlarga boj soladi

Tramp Kubadan kelayotgan “tahdid” tufayli favqulodda holat e’lon qildi. Gavanada atigi 2-3 haftaga yetadigan neft zaxirasi qolgan.

2 daqiqa o‘qish4 577 ko‘rishlar0 izoh2

AQSH prezidenti Donald Tramp Kubaga neft sotadigan va yetkazib beradigan davlatlarga boj solishini e’lon qildi. Bu haqda Oq uy xabar berdi.

Tramp Kubadan kelayotgan “tahdid” tufayli favqulodda holat joriy etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, farmon “AQSH milliy xavfsizligi va tashqi siyosatini Kuba rejimining g‘arazli harakatlari va siyosatidan himoya qilish maqsadida” imzolangan.

“Kuba hukumati Qo‘shma Shtatlarga zarar yetkazadigan va xavf soladigan favqulodda choralar ko‘rdi. Tuzum ko‘plab dushman mamlakatlar, transmilliy terroristik guruhlar va Qo‘shma Shtatlarga qarshi faoliyat yurituvchi yovuz kuchlar, jumladan, Rossiya hukumati, Xitoy, Eron , HAMAS va “Hizbulloh” bilan hamkorlik qilmoqda hamda ularni qo‘llab-quvvatlamoqda.

Misol uchun, Kuba Qo‘shma Shtatlarning xavfli raqiblarini ochiqchasiga qabul qiladi va ularga AQSH milliy xavfsizligiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri tahdid soladigan murakkab harbiy va razvedka imkoniyatlarini o‘z hududida joylashtirish uchun taklif etadi. Kubada Rossiyaning xorijdagi eng yirik radioelektron razvedka markazi joylashgan bo‘lib, u AQSHning muhim milliy xavfsizlikka oid ma’lumotlarini qo‘lga kiritishga urinmoqda”, dedi Tramp.

​

U imzolagan hujjat Kubaga neft yetkazib berayotgan davlatlardan AQSHga olib kiriladigan mahsulotlarga qo‘shimcha bojlar joriy etishga ruxsat beradi. Tariflar miqdori e’lon qilinmagan.

Trampning Kubaga tahdidlari

AQSH prezidenti 11-yanvar kuni Kuba “uzoq yillar davomida Venesueladan katta miqdordagi neft va pul evaziga yashab kelgani”ni aytdi. U buning evaziga Kuba 1999–2013-yillarda Venesuela prezidenti bo‘lgan Ugo Chaves hamda hozirgi rahbar Nikolas Maduroni “xavfsizlik xizmatlari” bilan ta’minlaganini aytdi. Tramp endilikda vaziyat o‘zgarganini bildirgan.

“Endi Kubaga neft ham, pul ham kelmaydi — nol”, dedi AQSH prezidenti.

​

Oq uy rahbari Kuba rasmiylariga “kech bo‘lmasdan AQSH bilan kelishuv tuzishni” qat’iy tavsiya qilganini aytdi. U shunday qilinmasa oqibatlar bo‘lishidan ogohlantirdi. Biroq AQSH prezidenti aynan qanday kelishuv nazarda tutilayotganini va Gavanga qanday choralar qo‘llanishini ochiqlamagan. Kuba hukumati Trampning bayonotlariga g‘azab bilan munosabat bildirdi.

“Kuba hech qachon va hech qaysi davlatdan xavfsizlik xizmatlari evaziga na pul, na moddiy mukofot olgan”, dedi Kuba tashqi ishlar vaziri Bruno Rodriges.

​

Mamlakat prezidenti Migel Dias-Kanel esa Kuba “erkin, mustaqil va suveren mamlakat” ekanini ta’kidladi.

“Hech kim bizga nima qilishni buyurmaydi. Hatto inson hayotini ham biznesga aylantiradiganlar Kubaga mutlaqo hech narsa buyurishga haqli emas”, degan edi u.

​

AQSH blokadasi sabab Kubada atigi 2–3 haftaga yetadigan neft zaxiralari qoldi

Qo‘shma Shtatlar tomonidan Venesuelaga nisbatan joriy etilgan dengiz qamali, shuningdek, Vashington tomonidan Meksikaga ko‘rsatilayotgan bosim sabab Kuba neft va mazutning asosiy ta’minotchilaridan mahrum bo‘ldi. Orol davlat mazkur ikki yonilg‘ini asosan elektr energiyasi ishlab chiqarish uchun ishlatadi. Financial Times’ning Kpler monitoring platformasiga tayanib yozishicha, mamlakatda 2-3 haftaga yetadigan zaxira qolgan.

Nashr bu xulosaga Kubaning hozirgi iste’mol darajasi va cheklangan miqdorda qazib olinadigan mahalliy neft hajmini hisobga olib kelgan. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, Kuba iqtisodiyoti qulash arafasida turibdi. Neft va mazut ta’minoti tiklanmasa, inqiroz favqulodda darajada chuqurlashib, siyosiy hokimiyatning mavjudligini xavf ostida qoldirishi mumkin.

Karimova Zulfiya Abduhakim qizi. 1999-yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. Millati — o‘zbek. 2023-yilda O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining xalqaro jurnalistika yo'nalishi bakalavr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar