Daryo

Polsha Yevropa Ittifoqidan chiqib ketishi mumkin

Mamlakat bosh vaziri Polexit jarayonidan xavotir bildirib, ayrim partiya va fraksiyalar bunga undaganini aytdi. Ekspertlar har toʻrtinchi polyak buni qoʻllab-quvvatlashini ma’lum qildi.

1 daqiqa o‘qish12 563 ko‘rishlar0 izoh7

Polsha bosh vaziri Donald Tusk mamlakat Yevropa Ittifoqi tarkibidan chiqib ketishi xavfi borligini aytdi. U bu haqda X ijtimoiy tarmogʻida ma’lum qildi.

Bosh vazirning ta’kidlashicha, Polshaning Yevroittifoqdan chiqishi ehtimoli endi gipotetik masala emas. U mamlakatdagi yevroskeptik kuchlar Yevropani zaiflashtirishga intilayotgan “tashqi o‘yinchilar manfaatlarini ko‘zlab” harakat qilganini aytdi.

“Rossiya, Amerikaning MAGA harakati va Viktor Orban (Vengriya bosh vaziri) boshchiligidagi Yevropa o‘nglari Yevropa Ittifoqini yo‘q qilmoqchi. Bu Polsha uchun falokat bo‘ladi”, dedi Tusk.

U Polshaning Yevropa Ittifoqidan chiqishi xavfi o‘ng kuchlar siyosati va prezidentning moliyaviy tashabbuslarga qo‘ygan vetosi tufayli kuchayganini ta’kidladi. Bunday ssenariy Yevropa Ittifoqi ichidagi birlikka ham putur yetkazishi mumkin.

Donald Tusk “Konfederatsiya” fraksiyasi hamda “Huquq va adolat” (PiS) partiyasining ko‘plab vakillari amalda mamlakatni Bryussel bilan aloqalarni uzishga undaganini ma’lum qildi.

Moliyaviy blokada va uning oqibatlari

Prezident Karol Navrotskiy Polshaga Yevropa Ittifoqidan 43,7 milliard yevro miqdorida mudofaa kreditlari olish imkonini beruvchi qonunni bloklaganidan so‘ng vaziyat yanada keskinlashdi. Bu mablag‘ armiyani moliyalashtirishga mo‘ljallangan bo‘lib, harbiy xarajatlar yalpi ichki mahsulotning 5 foizigacha yetishi rejalashtirilgan edi. Bosh vazir muxolifatning Yevropa Ittifoqidan chiqish bo‘yicha qarashlari jiddiy tahdid ekanini ta’kidladi.

“Poleksit (Polexit) bugungi kunda haqiqiy tahdiddir! Buni konfederatsiyalar ham, PiS partiyasi ham xohlaydi. Men ularni to‘xtatish uchun qo‘limdan kelganini qilaman”, dedi Tusk.

​

Ekspertlar fikricha, aholining aksariyati Yevropa Ittifoqini qo‘llab-quvvatlashiga qaramay, har to‘rtinchi polyak allaqachon blokdan chiqish uchun ovoz berishga tayyor. Bu esa Buyuk Britaniyaning Yevropa Ittifoqidan chiqishi (Breksit)oldidan kuzatilgan kayfiyatni eslatadi.

Shunga qaramay, Donald Tusk Varshava armiyani mustahkamlash uchun mablag‘ topishiga ishontirdi. U “xavfsizlikni mustahkamlashga to‘sqinlik qilishlariga yo‘l qo‘ymaslikka” va’da berdi.

Karimova Zulfiya Abduhakim qizi. 1999-yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. Millati — o‘zbek. 2023-yilda O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining xalqaro jurnalistika yo'nalishi bakalavr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar