Yevropa va jahon futbolida navbatdagi hafta ham shov-shuvli voqealar va kutilmagan transfer mish-mishlariga boy bo‘ldi. Maydon ichidagi bahslardan ko‘ra, ko‘proq murabbiylar atrofidagi taxminlar hamda futbolchilar ishtirokidagi mojarolar jamoatchilik diqqat markazida turibdi. Xususan, O‘zbekiston terma jamoasining Jahon chempionati oldidan Yevropaning top jamoalaridan biri bilan o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazishi mumkinligi, Donald Tramp va Janni Infantino o‘rtasidagi sovuqchilik, “Real” hamda “Barselona”ning Holand uchun raqobati, shuningdek, Vinisiusning Madrid klubiga qo‘ygan keskin sharti futbol olamida qizg‘in muhokama qilinmoqda. “Daryo” nashri hafta davomida nufuzli manbalar e’tiborida bo‘lgan eng sara xabarlarni bir joyga jamladi.
O‘zbekiston Yevropaning nomdor terma jamoasiga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazishi mumkin
Fabio Kannavaro boshchiligidagi O‘zbekiston milliy terma jamoasi 2026-yilgi Jahon chempionati startidan avval Yevropaning nomdor jamoalaridan biriga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazishi kutilmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur bahsni iyun oyida tashkil etish rejalashtirilgan.
Hozircha FIFA reytingining kuchli o‘nligidan joy olgan ushbu raqibga qarshi o‘yinning aniq sanasi va manzili ma’lum emas. Biroq O‘zbekiston terma jamoasining 1-iyun kuni Kanadada mezbonlar bilan o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazishi inobatga olinsa, UEFA vakili bilan bo‘ladigan o‘yin ham Shimoliy Amerika qit’asida bo‘lib o‘tishi ehtimoli yuqori. Mazkur uchrashuv Kannavaro shogirdlari uchun tarixiy mundial oldidan asosiy tayyorgarlik bosqichi bo‘lib xizmat qilishi kutilmoqda.
Tramp va Infantino: do‘stlik darz ketdimi?
AQSH prezidenti Donald Trampning so‘nggi bayonoti FIFA rahbari Janni Infantinoni qiyin ahvolga solib qo‘ydi. Eron sport vaziri AQSHning harbiy operatsiyalari tufayli terma jamoa Jahon chempionatiga bora olmasligini aytganidan so‘ng, Tramp Eronning mundialda qatnashishi “ma’qul emasligi”ni ta’kidladi.
Mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, Infantino bu vaziyatda Trampning harakatlarini o‘ziga nisbatan xiyonat sifatida baholamoqda. Sababi, Infantino so‘nggi vaqtlarda Tramp bilan yaqin munosabatda bo‘lib kelgan va hatto unga FIFA Tinchlik mukofotini topshirgan edi. Biroq endilikda AQSH prezidenti musobaqaga kim kelishi borasidagi masalalarni FIFA bilan maslahatlashmasdan, mustaqil hal qilishga urinmoqda. Tashkilot rahbari esa Trampning bu pozitsiyasini kutilmagan zarba deb hisoblamoqda.
Yurgen Klopp: “Real” yoki Germaniya terma jamoasi?
Hozirda “Red Bull” tizimida faoliyat yuritayotgan Yurgen Klopp yana murabbiylik ishiga qaytishi mumkinligi haqida xabarlar tarqalmoqda. Ma’lum qilinishicha, Madridning “Real” klubi prezidenti Florentino Peres Alvaro Arbeloa o‘rniga aynan germaniyalik mutaxassisni olib kelish variantini ko‘rib chiqmoqda. Sababi Peres jamoani boshqarish uchun tajribali va nomdor murabbiy kerak deb hisoblamoqda.
Shu bilan birga, Kloppga Germaniya terma jamoasi ham asosiy nomzod sifatida qaramoqda. Agar amaldagi bosh murabbiy Yulian Nagelsmann boshchiligidagi jamoa Jahon chempionatida kutilgan natijani qayd eta olmasa, uning o‘rnini aynan Klopp egallashi kutilmoqda. Hozircha murabbiyning o‘zi qaysi loyihani tanlashi borasida aniq ma’lumotlar yo‘q, biroq uning faoliyatini davom ettirishi uchun kamida ikkita jiddiy taklif mavjud.
“Real” va “Barselona” Holandga jiddiy qiziqish bildirdi
“Manchester Siti” hujumchisi Erling Holand Angliya Premyer Ligasidan Ispaniya La Ligasiga ko‘chib o‘tishi mumkin. Ma’lum bo‘lishicha, Madridning “Real” klubi prezidenti Florentino Peres jamoaning hujum chizig‘ini yanada kuchaytirish maqsadida norvegiyalik forvardni sotib olish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Rejaga ko‘ra, Kilian Mbappe va Erling Holand tandemi jamoaning hujumdagi imkoniyatlarini yanada oshiradi.
“Barselona”da ham Erling Holand atrofidagi muhokamalar uzoq vaqt davom etdi. Klub prezidentligi uchun o‘tkazilgan saylovda asosiy nomzodlardan biri sifatida qatnashgan Viktor Font o‘zining saylovoldi dasturida Holand transferini asosiy va’da sifatida ko‘rsatgan edi. Hatto Fontning vakillari futbolchining agentlari bilan dastlabki aloqalarni o‘rnatishga harakat qilgani haqida ham xabarlar tarqatdi. Shu yo‘l bilan Viktor Font amaldagi prezident Joan Laportani ortda qoldirishni rejalashtirgan edi. Biroq saylov yakunlariga ko‘ra, Joan Laporta yana bir bor klub prezidenti etib saylandi.
Biroq futbolchining o‘zi shoshilayotgani yo‘q. Ma’lumotlarga ko‘ra, Holand “Manchester Siti”da qolishni maqsad qilgan. Hujumchi kelajakda o‘zini La Ligada sinab ko‘rishni istasa-da, hozirda Angliya Premyer Ligasidan ketmoqchi emas.
Xabi Alonso “Liverpul”ga qaytishga yaqin
“Liverpul” klubida murabbiy almashinuvi yuz berishi haqida xabarlar tarqalmoqda. Ma’lum qilinishicha, jamoaning amaldagi bosh murabbiyi Arne Slot o‘z lavozimini tark etishi mumkin. Bunga asosiy sabab sifatida jamoaning Chempionlar Ligasidagi natijasi ko‘rilmoqda: agar merdisaydliklar ushbu turnirda g‘olib chiqmasa, niderlandiyalik mutaxassis iste’foga chiqarilishi mumkin.
“Liverpul” rahbariyati Arne Slotning o‘rniga eng munosib nomzod sifatida jamoaning sobiq futbolchisi Xabi Alonsoni ko‘rmoqda. Eslatib o‘tamiz, ispaniyalik mutaxassis shu yilning yanvar oyida Madridning “Real” klubidagi bosh murabbiylik lavozimidan ozod etilgan edi.
Xabarlarga ko‘ra, “Liverpul” mutasaddilari allaqachon Alonso bilan muzokaralarni boshlab yuborgan. Ayrim manbalarning ta’kidlashicha, tomonlar o‘rtasida kelgusi hamkorlik bo‘yicha og‘zaki kelishuvga ham erishilgan. Agar jamoaning joriy mavsumdagi natijalari rahbariyatni qoniqtirmasa, yozgi tanaffus vaqtida aynan Xabi Alonso merdisaydliklar boshqaruvini qo‘lga olishi kutilmoqda.
Vinisiusning “Real”ga sharti: “Rodri kelsa, men ketaman”
Madridning “Real” klubi va Vinisius Junior o‘rtasida yangi shartnoma bo‘yicha muzokaralar kutilganidan qiyin kechmoqda. Amaldagi kelishuv yakunlanishiga 15 oydan ko‘proq vaqt qolgan bo‘lsa-da, tomonlar hali bir qarorga kelishgani yo‘q. Braziliyalik hujumchi nafaqat maoshini sezilarli darajada oshirishni, balki klubning transfer siyosatiga oid shartlarini ham ilgari surmoqda.
Insayderlarning xabar berishicha, Vinisius agar Madrid klubi “Manchester Siti” yarim himoyachisi Rodrini sotib olsa, jamoani tark etishini bildirgan. Ma’lumki, 2024-yilda “Oltin to‘p” aynan ispaniyalik futbolchiga berilgani va o‘shanda “Real” taqdirlash marosimini boykot qilgani Vinisius uchun hamon og‘riqli mavzu bo‘lib qolmoqda. U o‘zining asosiy raqobatchisi bilan bitta jamoada o‘ynashni istamayapti.
Buning o‘rniga, Vinisius klub rahbariyatiga “Liverpul” yarim himoyachisi Dominik Soboslaini sotib olishni tavsiya qilgan. Braziliyalik futbolchi vengriyalik o‘yinchi bilan yaxshi munosabatda ekanligi va uning kelishi jamoani yanada kuchaytirishini aytilmoqda. Hozircha “Real” rahbariyati futbolchining bu talablariga qanday munosabat bildirishi noma’lum.








