Daryo

Isroilning havo hujumiga qarshi raketalari tugamoqda

Mamlakat “Temir gumbaz” tizimi bilan faqat qisqa masofali raketalarni tutib oladi. Ballistik raketalarga mo‘ljallangan zaxiralar esa 2025-yilda Eron bilan 12 kunlik urush vaqtida kamaygan.

1 daqiqa o‘qish16 418 ko‘rishlar0 izoh9

Isroilning Eron bilan davom etayotgan urush sharoitida ballistik raketalarni tutib oluvchi qurollari zaxirasi tugab bormoqda. Bu haqda amerikalik manbalarga tayanib, Semafor nashri xabar berdi.

AQSH zaxiralar kamayib borayotganidan xabardor qilingan. Mojaro boshlangan vaqtda ham tutib oluvchi raketalar zaxirasi cheklangan edi. Chunki 2025-yilda bo‘lib o‘tgan 12 kunlik Eron–Isroil urushi vaqtida u qisman sarflab yuborilgan. Eronning kassetali o‘q-dorilardan foydalanayotgani Isroil resurslarining yanada tezroq kamayishiga sabab bo‘lmoqda.

“Biz buni kutgan edik va oldindan ko‘ra bilgan edik”, deya ta’kidladi amerikalik amaldor.

​

Uning so‘zlariga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlarda bunday taqchillik kuzatilmayapti. Biroq Vashington o‘z zaxiralarini Isroil bilan bo‘lishishi yoki zarurat tug‘ilsa, ularni sotishi borasida hozircha aniq ma’lumot yo‘q.

“Biz mintaqadagi bazalarimiz, shaxsiy tarkibimiz va manfaatlarimizni himoya qilish uchun zarur bo‘lgan hamma narsaga egamiz”, deya ta’kidladi amerikalik amaldor.

​

Shuningdek, u Isroil ushbu yetishmovchilikni “bartaraf etish choralarini ishlab chiqayotganini” ma’lum qildi. Isroil rasmiylari mudofaa uchun qiruvchi samolyotlardan ham foydalanishi mumkin. Biroq uzoq masofali raketalardan himoyalanishda tutib qoluvchi raketalar eng samarali vosita hisoblanadi.

“Temir gumbaz” mudofaa tizimi asosan qisqa masofali hujumlarni qaytarishga mo‘ljallangan. Ballistik raketalarga qarshi esa boshqa murakkabroq tizimlar qo'llaniladi.

AQSHning mudofaa tizimlari va xarajatlar

2025-yil iyun oyida AQSH Eron bilan 12 kunlik urushda 150 dan ortiq THAAD tutib oluvchi raketalarini qoʻlladi. Bu o‘sha paytdagi AQSH arsenalining taxminan chorak qismini tashkil etdi.

2026-yilgi urushning dastlabki besh kunida AQSH taxminan 2,4 milliard dollarlik Patriot tutib oluvchi raketalaridan foydalandi. Yanvar oyida Pentagon THAAD ishlab chiqarishni sezilarli darajada oshirish choralarini ko‘rdi.

Oq uy AQSH zaxiralari prezident Donald Trampning Eronga nisbatan strategik maqsadlariga erishish uchun yetarli ekanini ta’kidlamoqda. Shuningdek, Eronning dron hujumlari 95 foizga, ballistik raketalar zarbalari esa 90 foizga kamayganini da’vo qilmoqda.

Karimova Zulfiya Abduhakim qizi. 1999-yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. Millati — o‘zbek. 2023-yilda O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining xalqaro jurnalistika yo'nalishi bakalavr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar