Daryo

Pokistondan O‘zbekistonga 17 tonna sovitilgan go‘sht olib kelindi

Go‘sht Lahordan Toshkentga Boeing samolyoti orqali yetkazib berildi. Kelgusida bitta reysda 100 tonnagacha oziq-ovqat mahsulotlarini olib kelish rejalashtirilmoqda.

1 daqiqa o‘qish24 061 ko‘rishlar1 izoh21

12-mart kuni Lahor shahridan uchib kelgan Boeing 737 samolyoti orqali Toshkent xalqaro aeroportiga 17,1 tonna sovitilgan go‘sht yetkazib berildi. Bu haqda Qishloq xo‘jaligi vazirligi xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, go‘sht importini yo‘lga qo‘yish doirasida Pokistonning 5 ta eksportyor korxonasi hamda O‘zbekistonning 5 ta importyor kompaniyasi o‘rtasida jami 58 ming tonna go‘sht import qilish bo‘yicha shartnomalar imzolangan.

Vazirlikka ko‘ra, mahsulotlarni sifatli holda va qisqa muddatda yetkazib berish masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shu maqsadda go‘sht mahsulotlarini havo transporti orqali olib kelish tizimini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha zarur ishlar amalga oshirilgan.

Mazkur hamkorlik doirasida Pokistondan O‘zbekistonga sovitilgan go‘shtni havo yo‘li orqali yetkazib berish bo‘yicha sinov tashuvi ham muvaffaqiyatli amalga oshirildi. Dastlabki bosqichda mamlakatga 17,1 tonna sovitilgan go‘sht olib kelindi.

Qayd etilishicha, loyiha Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Transport vazirligi hamda O‘zbekistonning Pokistondagi elchixonasi tashabbusi bilan amalga oshirilmoqda.

Uzbekistan Airports’ning ma’lum qilishicha, kelgusida loyiha doirasida yuk tashish hajmini bosqichma-bosqich oshirish rejalashtirilmoqda. Xususan, istiqbolda bir reys orqali 100 tonnagacha oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazib berish ko‘zda tutilgan.

Mutasaddilar ushbu go‘sht mahsulotlari ichki bozorda aholiga arzon va maqbul narxlarda taqdim etilishi rejalashtirilganini bildirdi. Bu esa bozorlarda go‘sht taklifini ko‘paytirib, narxlarning barqarorlashishiga xizmat qilishi kutilmoqda.

Navoiydanman. Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining Internet jurnalistika yoʻnalishini tamomlaganman. “Daryo”da 2026-yildan buyon Mahalliy xabarlar boʻlimida muharrir sifatida faoliyat yuritib, yangiliklar va jamlanmalar yozaman. Zemekisning “Forrest Gamp” filmini 20 martadan koʻproq tomosha qilganman. Kafkaning “Qalʼa” romanini qayta-qayta oʻqiyman.

Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar