Rossiya Eronga Ukrainadagi urushda sinovdan o‘tgan dronlardan foydalanishning ilg‘or taktikasini o‘rgatmoqda. Bu usullar Eronning Yaqin Sharqda AQSH va uning ittifoqchilari obyektlariga samarali zarba berishiga yordam bermoqda. Bu haqda G‘arb razvedkasi vakiliga tayanib CNN xabar berdi.
Manbaning aytishicha, bu taktikalar dronlarga Fors ko‘rfazi davlatlarining havo hujumidan mudofaa tizimlarini samarali chetlab o‘tish imkonini beradi. AQSH rasmiylari avvalroq Rossiya Eron bilan razvedka ma’lumotlarini bo‘lishib, nishonlarni tanlashda yordam berayotganini bildirgandi. Endilikda zarba yo‘llash bo‘yicha aniq taktikaning berilishi qo‘llab-quvvatlashning yangi bosqichiga aylandi. G‘arb razvedkasi bu yanada ko‘proq xavotir uyg‘otishini ma’lum qildi.
Rossiya Ukrainaga qarshi urushda Eron ishlab chiqargan va keyinchalik modernizatsiya qilingan Shahed dronlarini qo‘llab kelmoqda. Bu usulda bir vaqtning o‘zida bir nechta dron uchiriladi va ular havo hujumidan mudofaa tizimlarini chetlab o‘tish uchun parvoz yo‘nalishini muntazam o‘zgartirib turadi.
G‘arb mamlakatlari umuman olganda Yaqin Sharqdagi mojaroning rivojlanishidan jiddiy xavotirda. Xususan, Eronning Hormuz bo‘g‘ozini minalashi, shuningdek, Amerika harbiy kemalariga, jumladan, aviatashuvchilarga hujum qilish uchun dengiz dronlari yoki hatto baliqchi qayiqlaridan foydalanishi ehtimoli xavotirga soladi.
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy 11-mart kuni “Rossiya Eron rejimiga dronlar bilan yordam berishni boshlaganini” aytgandi.
“U, shubhasiz, raketalar bilan ham, havo hujumidan mudofaa bilan ham yordam beradi. Keyin-chi?”, degan u.
Ukraina Fors ko‘rfazi mamlakatlariga Shahed dronlariga qarshi kurashishda tajribaga ega mutaxassislarini yuborgan. Avvalroq The Wall Street Journal tahlilchilarga tayanib, Eron Ukrainadagi urushda Rossiya qo‘llagan dronlar bilan ommaviy zarba berish taktikasini o‘zlashtirganini yozgandi. Mutaxassislar bunday yondashuv muhim infratuzilmaga zarba berish va raqibni asta-sekin holdan toydirish strategiyasiga xizmat qilishini aytgan.
Tramp esa Moskvaning Tehronni qo‘llab-quvvatlashi ehtimoliga izoh berar ekan, Vashingtonda bunday hamkorlikka oid dalillar bor-yo‘qligini bilmasligini, biroq Eronga har qanday yordam baribir samarasiz bo‘lishiga ishonch bildirgan.








