Ukraina Iordaniyadagi AQSH harbiy bazalarini himoya qilish uchun dronlar va ularni boshqarish bo‘yicha ekspertlar guruhini yubordi. Bu haqda Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy The New York Times gazetasiga bergan intervyusida maʻlum qildi.
Zelenskiy Qo‘shma Shtatlar 5-mart kuni shunday yordam soʻrab murojaat qilgani va ertasi kuniyoq yordam joʻnatilganini aytdi.
Biz soʻrovga darhol munosabat bildirdik, Men “ha, albatta, biz o‘z mutaxassislarimizni yuboramiz”, deb javob berdim, dedi Ukraina prezidenti.
AQSH va Isroilning Eronga qarshi urushi dunyo e’tiborini Ukrainadagi urushdan chalg‘itishi mumkin. Biroq bu vaziyat Kiyev uchun o‘zining urush davomida orttirgan tajribasi va ilg‘or texnologiyalarini boshqa urushda qo‘llash imkoniyatini ham yaratdi.
Zelenskiy 8-mart kuni ukrainalik mutaxassislar hali Yaqin Sharqqa yerga yetib bormagani, tez orada manzilda boʻlishini aytdi.
“Hozir tafsilotlar haqida gapirishga erta. Kelasi hafta mutaxassislar joyiga borib vaziyatni ko‘radi va yordam beradi, chunki ular yordam ko‘rsatish maqsadida bormoqda. Shundan keyin kelgusi qadamlar bo‘yicha harakat qilamiz. Avvalo uchrashuvlarning dastlabki natijalarini kutish kerak”, dedi u.
Ukraina prezidenti NYT’ga bergan intervyusida Eronning birinchi zarbalaridan keyingi kunlarda unga Bahrayn, BAA, Iordaniya, Kuvayt, Qatar va Saudiya Arabistoni rahbarlari yordam so‘rab murojaat qilganini aytdi.
Zelenskiy bu davlatlarga yordam berishni xohlashini, biroq yordam hajmini doimiy ravishda Ukrainaning ehtiyojlari bilan taqqoslash kerakligini ta’kidladi. Shuningdek, Moskva bilan do‘stona munosabatda bo‘lgan Yaqin Sharq davlatlarini Vladimir Putinga ta’sir o‘tkazishga chaqirdi.
Men shunday dedim: “Quloq soling, balki ular rossiyaliklar bilan gaplashar va ular pauza qilar. Bunday holatda, albatta, biz Yaqin Sharqqa o‘zini himoya qilishda yordam bera olamiz, dedi Zelenskiy.
Fevral oyida Rossiya Ukraina aholi punktlariga 5000 ga yaqin zarba beruvchi dronlarni uchirdi, Ukraina ularning qariyb 87 foizini urib tushirishga muvaffaq bo‘ldi.
“Erondan ommaviy ravishda olib kelinayotgan uzoq masofali dronlarga qarshi kurash haqida Ukrainadan ko‘ra ko‘proq biladigan hech bir davlat yoʻq”, deya ta’kidlaydi The New York Times.
NYT nashrining aniqlik kiritishicha, Eronning Shahed dronini ishlab chiqarish 50 ming dollargacha, Patriot havo mudofaa tizimi uchun tutib oluvchi raketani ishlab chiqarish esa 3 million dollarga tushadi, bu esa taxminan 60 baravar qimmat.
“Rossiya bosqinidan ko‘p o‘tmay, Ukraina Shahed dronlarini yo‘q qilish uchun ba’zan qimmat raketalardan foydalangan. Biroq tez orada bu usul maqsadga muvofiq emasligi ayon bo‘ldi”, deb yozadi NYT gazetasi.








