Daryo

Eron Hormuz boʻgʻozini minalashtirishni boshladi — CNN manbalari

AQSH boʻgʻozdagi mina qo‘yishga mo‘ljallangan 16 ta kemani yoʻq qildi. Eron Hormuzdan oʻtayotgan har qanday kema hujumga uchrashidan ogohlantirgan.

2 daqiqa o‘qish12 380 ko‘rishlar0 izoh4

Eron dunyodagi barcha xom neftning beshdan bir qismi o‘tadigan eng muhim energetika yo‘lagi — Hormuz bo‘g‘ozini minalashtirishni boshladi. Bu haqda AQSH razvedkasi ma’lumotlaridan xabardor ikki manba CNN’ga ma’lum qildi.

Manbalarga ko‘ra, minalashtirish ishlari hali keng ko‘lamli emas, so‘nggi kunlarda bir necha o‘nlab minalar o‘rnatilgan. Biroq Eron mina qo‘yishga mo‘ljallangan kichik kemalarining 80–90 foizini saqlab qolgan. Shu bois istasa bo‘g‘ozga yuzlab minalar joylashtirishi mumkin.

Hozirda Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi va dengiz kuchlari bo‘g‘ozni nazorat qilmoqda. Ular mina tashuvchi kichik kemalar, portlovchi modda ortilgan qayiqlar va qirg‘oqdan uchiriladigan raketa tizimlari orqali murakkab hujum tizimini yaratish imkoniyatiga ega.

“Agar Eron Hormuz bo‘g‘oziga biron bir mina joylashtirgan bo‘lsa — garchi bizda bunday ma’lumotlar bo‘lmasa-da, ular darxol olib tashlanishini xohlaymiz!”, dedi Tramp 10-mart kuni Truth Social sahifasida.

U minalar qo‘yilgan bo‘lsa-yu, olib tashlanmasa, Eron “ilgari hech qachon ko‘rilmagan” oqibatlarga duch kelishini aytdi. Shundan so‘ng AQSH mudofaa vaziri Pit Hegset Hormuz bo‘g‘ozidagi harakatsiz mina qo‘yuvchi kemalar nishonga olinayotganini aytdi.

“Biz terroristlarning Hormuz bo‘g‘ozini garovga olishiga yo‘l qo‘ymaymiz”, dedi u.

AQSH Markaziy qo‘mondonligi Hormuz bo‘g‘ozi yaqinida Eronning bir nechta harbiy kemalarini, jumladan, mina oʻrnatuvchi 16 ta kemasini yo‘q qilganini e’lon qildi.

Eron Islom inqilobi qoʻriqchilari korpusi avvalroq bo‘g‘ozdan o‘tayotgan har qanday kema hujumga uchrashidan ogohlantirgan. Urush boshlanganidan beri bo‘g‘oz kemalar harakatlanishi uchun amalda yopib qo‘yilgan.

“Hormuz bo‘g‘ozi xavfsiz bo‘lib qoladi. U yerda harbiy-dengiz kuchlarimizning kemalari ko‘p. Bizda minalarni tekshiradigan dunyodagi eng yaxshi uskunalarga egamiz”, degan edi Tramp 9-mart kungi matbuot anjumanida.

CNN xabariga ko‘ra, hozirda Fors ko‘rfazida har kuni qazib olinadigan salkam 15 million barrel xom neft va yana 4,5 million barrel yonilg‘i qolib ketgan. Iroq va Kuvayt kabi neft ishlab chiqaruvchi davlatlar uchun mahsulotni eksport qilishda Hormuz bo‘g‘ozidan boshqa muqobil yo‘l yo‘q. Yirik iqtisodiyotga ega G7 davlatlari tanqislikni qoplash uchun zaxiralardan ko‘proq neft chiqarishi mumkinligiga ishora qildi.

Suv yo‘li orqali neft tashish imkoniyati borasidagi noaniqlik xom neft bozorida keskin tebranishlarga sabab bo‘lmoqda. Bir barrel neft narxi ketma-ket sakrashlar natijasida 90 dollardan yuqori va 80 dollardan past ko‘rsatkichlar orasida o‘ynab turdi.

Karimova Zulfiya Abduhakim qizi. 1999-yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. Millati — o‘zbek. 2023-yilda O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining xalqaro jurnalistika yo'nalishi bakalavr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar