AQSH harbiylari Erondagi urushda tinch aholi orasida qurbonlar soni ortib borayotgan bir paytda, turli sun’iy intellekt (SI) vositalaridan foydalanayotganini tasdiqladi. Bu haqda Al Jazeera xabar berdi.
AQSH Markaziy qo‘mondonligi rahbari Bred Kuperga ko‘ra, sun’iy intellekt harbiylarga katta hajmdagi ma’lumotlarni tez tahlil qilishga yordam bermoqda.
“Bizning jangchilarimiz sun’iy intellektning turli xil ilg‘or vositalaridan foydalanmoqda. Bu tizimlar bizga katta hajmdagi ma’lumotlarni bir necha soniyada elakdan o‘tkazishga yordam beradi, shunda bizning rahbarlarimiz vaziyatni baholab, dushmanga qaraganda tezroq aqlli qarorlar qabul qilishi mumkin”, dedi Kuper.
U nishonga o‘t ochish yoki ochmaslik haqidagi yakuniy qarorni har doim insonlar qabul qilishini aytdi. Biroq SI ilgari soatlar yoki kunlar talab qilgan jarayonlarni bir necha soniyaga aylantirganini ta’kidladi.
Sun’iy intellektdan foydalanish tasdiqlanishi Erondagi maktabga hujum oqibatida 170 dan ortiq o‘quvchi va o‘qituvchi halok bo‘lgani yuzasidan mustaqil tergov o‘tkazish talablari kuchaygan paytga to‘g‘ri keldi. 28-fevraldan boshlangan AQSH–Isroil harbiy operatsiyasi oqibatida Eronda kamida 1300 kishi halok bo‘lgan.
Kuper yakuniy qarorni odamlar qabul qilishini ta’kidlagan bo‘lsa-da, huquqshunoslar sun’iy intellektdan urushda foydalanish masalasida xavotirda. Xususan, Isroil ham G‘azoga qarshi urushda sun’iy intellektdan keng foydalangandi. Bu 2023-yil oktyabridan beri 72 mingdan ortiq falastinlikning o‘limiga sabab bo‘lgan va hududning katta qismini vayronaga aylantirgan.
Eron Qizil yarim oy jamiyati AQSH–Isroil bombardimonlari oqibatida 20 mingga yaqin fuqarolik binosi va 77 ta tibbiyot muassasasi zarar ko‘rganini ma’lum qildi. Bu neft bazalari, bir nechta bozorlar, sport inshootlari, maktablar va suvni chuchuklashtirish zavodiga ham ta’sir qilgan.
11-mart kuni Xitoy sun’iy intellektdan harbiy maqsadlarda haddan tashqari foydalanish oqibatidan ogohlantirdi.
“Harbiylar tomonidan sun’iy intellektni cheksiz qo‘llash, sun’iy intellektdan boshqa davlatlar suverenitetini buzish vositasi sifatida foydalanish... va algoritmlarga hayot va o‘lim masalasini hal qilish imkoniyatini berish urushlarda axloqiy cheklovlar va javobgarlikni zaiflashtiradi”, degan Xitoy Mudofaa vazirligi matbuot kotibi Szyan Bin bayonotida.







