Yaqin Sharq mintaqasiga 2 500 nafar dengiz piyodasi va yana shuncha dengizchi yetib kelishi natijasida hududdagi Amerika qo‘shinlarining umumiy soni 50 mingdan oshdi. Bu odatdagidan qariyb 10 ming nafarga ko‘pdir. Bu haqda The New York Times xabar berdi.
Prezident Donald Tramp Erondagi bir oydan beri davom etayotgan urush doirasida o‘zining navbatdagi qadamini belgilash arafasida turibdi. 31-dengiz ekspeditsiya bo‘linmasiga tegishli piyodalar aynan qanday vazifani bajarishi hozircha noaniq qolmoqda.
Biroq AQSH rasmiylarining so‘zlariga ko‘ra, prezident Hormuz bo‘g‘ozini ochish maqsadida biror orolni yoki quruqlikdagi hududni egallash kabi yirikroq hujum variantlarini ko‘rib chiqmoqda. Dunyo neftining qariyb 20 foizi tashiladigan ushbu tor suv yo‘li, Eron kuchlari tomonidan “dushman davlatlar” uchun yopib qo‘yilgan.
Odatda mintaqadagi bazalar va kemalarda, jumladan, Saudiya Arabistoni, Bahrayn, Iroq, Suriya, Iordaniya, Qatar, Birlashgan Arab Amirliklari va Kuvaytda 40 mingga yaqin amerikalik harbiylar joylashgan bo‘ladi. AQSH harbiy mulozimining so‘zlariga ko‘ra, Tramp Erondagi urushni kuchaytirishi ortidan bu raqam 50 mingdan oshgan.
Ushbu raqamga endilikda U.S.S. Gerald Ford aviatashuvchisidagi 4 500 nafar harbiy kirmaydi. Mazkur kema doimiy ko‘ngilsizliklar, jumladan, kir yuvish xonasida sodir bo‘lgan yong‘in sababli safdan chiqqan. Ford 23-mart kuni mintaqani tark etib, Krit oroliga yo‘l olgan, 27-mart kuni esa Xorvatiyaga yetib borgan. Kemaning keyingi manzili hozircha noma’lum.
O‘tgan haftada Pentagon (Urush vazirligi) prezidentga qo‘shimcha harbiy imkoniyatlar yaratish maqsadida 82-havo-desant diviziyasining 2 000 nafar askarini Yaqin Sharqqa yubordi. Harbiy mulozimning bildirishicha, desantchilarning aniq manzili sir tutilmoqda, biroq ular Eronga zarba berish masofasida bo‘ladi.
Ushbu kuchlardan Erondagi asosiy neft eksport markazi bo‘lgan va mart oyi boshida AQSH samolyotlari 90 dan ortiq harbiy obyektlarini bombardimon qilgan Xarg orolini egallashda foydalanish mumkin. Shuningdek, ular dengiz piyodalari bilan hamkorlikda boshqa quruqlikdagi operatsiyalarda ishtirok etishi mukin.
50 ming askar yetarlimi?
Harbiy ekspertlar 50 ming kishilik qo‘shin (ularning ko‘pchiligi dengizda ekanini hisobga olgan holda) har qanday yirik quruqlik operatsiyasi uchun juda kam ekanidan ogohlantirmoqda.
Taqqoslash uchun, Isroil 2023-yil oktyabr oyida G‘azo sektoridagi operatsiyalar uchun 300 mingdan ortiq askarni jalb qilgandi. 2003-yilda Iroqqa bostirib kirgan AQSH boshchiligidagi koalitsiya tarkibi boshida 250 ming kishiga yaqin edi.
AQSH kontinental qismining deyarli uchdan bir qismiga teng hududga ega bo‘lgan Eronda 93 million aholi istiqomat qiladi. Ekspertlarning fikricha, bunday murakkab va qurollangan davlatni 50 ming kishilik qo‘shin bilan nafaqat nazorat qilish, balki egallashning ham imkoni yo‘q.








