Yaqin Sharq mintaqasida yuzaga kelgan notinch vaziyat sababli Kuvaytdan 42 nafar fuqaro tranzit yo‘llar orqali O‘zbekistonga qaytarildi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar qildi.
Ma’lum qilinishicha, ular avtobus orqali Saudiya Arabistoniga o‘tkazilib, so‘ng ushbu davlatdan mamlakatimizga qaytarish chora-tadbirlari amalga oshirildi. 16 nafar kattalar va 26 nafar voyaga yetmaganlardan iborat ushbu fuqarolar 9-mart kuni Toshkent vaqti bilan soat 23:50 da Kuvaytdan avtobus orqali yo‘lga chiqib, 10-mart kuni soat 11:40 da Ar-Riyozdagi Podshoh Xolid nomidagi xalqaro aeroportga yetib kelgan.
Elchixona diplomatlari fuqarolarga yengillik yaratish hamda ularning Kuvayt va Saudiya Arabistoni hududida erkin harakatlanishidagi ehtimoliy qiyinchiliklarni bartaraf etish maqsadida mazkur davlatlarning vakolatli organlariga tegishli notalar chiqargan. 12 soatga yaqin davom etuvchi ushbu safar davomida fuqarolarga Kuvayt hamda Saudiya Arabistoni davlat chegaralaridan o‘tish jarayonlarida ko‘maklashish, ularga Ar-Riyoz aeroportida zarur tashkiliy-amaliy yordam ko‘rsatish maqsadida elchixonaning ikki nafar diplomati hamrohlik qilgan.
Fuqarolarning vatanga qaytishini taʼminlash maqsadida O‘zbekiston Migratsiya agentligi tomonidan tegishli aviachiptalar xarid qilingan. 10-mart kuni Ar-Riyoz shahridagi Qirol Xolid xalqaro aeroportida elchixona diplomatlari tomonidan 42 nafar fuqaroga Jidda shahriga uchish uchun ro‘yxatdan o‘tish jarayonlarida zarur konsullik-huquqiy va tashkiliy ko‘mak ko‘rsatildi. 9 nafar fuqaro Saudia aviakompaniyasining SV1081 reysi hamda 33 nafar fuqaro SV1035 reysi bilan Jiddaga muvaffaqiyatli kuzatildi.
Shuningdek, ushbu fuqarolar Jidda shahridan O‘zbekistonga qaytish aviabiletlari bilan taʼminlandi. Ular 11-mart kuni Jidda—Toshkent aviareysi orqali vatanga qaytariladi.
Xabarda qayd etilishicha, ish beruvchilar tomonidan mehnat faoliyatini to‘xtatishga ruxsat berilmagani hamda bunday talab bilan murojaat qilish kelgusida o‘zbekistonlik fuqarolarning kasbiy faoliyati va huquqiy maqomiga salbiy taʼsir ko‘rsatishi mumkinligi aniqlangan. Shu sababli, ayni bosqichda aksariyat ayollar va bolalardan iborat fuqarolar guruhining vatanga qaytishi tashkil etilmoqda.
Avvalroq Yaqin Sharq davlatlaridan O‘zbekistonga qaytarilgan fuqarolar soni 10-mart kuni 25 ming kishidan oshgani xabar qilingandi. Qaytarish ishlari asosan fuqarolik aviatsiyasi uchun havo hududi ochiq boʻlib turgan mamlakatlar orqali amalga oshirilmoqda.








