Daryo

Eron ayollar terma jamoasi a’zolaridan biri Avstraliyada qolmaydigan bo‘ldi

U mamlakatni tark etgan baʼzi jamoadoshlari bilan gaplashib, fikrini o‘zgartirgan va Eron elchixonasiga murojaat qilgan.

2 daqiqa o‘qish14 732 ko‘rishlar0 izoh4

Avstraliyadan boshpana olgan Eron ayollar terma jamoasi futbolchilaridan biri oʻz vataniga qaytishga qaror qilgan. Bu haqda BBC nashri xabar berdi.

Avvalroq besh nafar eronlik futbolchi Avstraliya politsiyasi yordamida jamoa qarorgohidan qochib ketgan edi. Ularga gumanitar vizalar berilgan. Keyinchalik jamoaning yana ikki a’zosi — futbolchi Mohaddeseh Zolfi va murabbiylar shtabi vakili Zahro Sulton Meshkeh Kar Avstraliyada qolish istagini bildirgan.

“Oʻtgan kecha qolishga qaror qilgan ikki ayoldan biri mamlakatni tark etgan baʼzi jamoadoshlari bilan gaplashib, fikridan qaytdi. Avstraliyada odamlar oʻz qarorlarini oʻzgartirishlari mumkin. Biz u ushbu qarorni qabul qilgan vaziyatni hurmat qilamiz. Rasmiylarimiz bu uning shaxsiy qarori ekanligiga ishonch hosil qilishdi va hozir siz bermoqchi boʻlgan barcha savollar unga ham berildi”, dedi Avstraliya immigratsiya vaziri Toni Berk.

Uning soʻzlariga koʻra, jamoadoshlari va murabbiyi ushbu futbolchiga Eron elchixonasiga murojaat qilishni maslahat bergan. Buning oqibatida Eron rasmiylari Avstraliyada qolishga qaror qilgan boshqa sportchilarning qayerda ekanligidan xabar topgan.

“Men darhol ularni boshqa joyga koʻchirish boʻyicha koʻrsatma berdim va bu ish kechiktirmasdan amalga oshirildi”, deya taʼkidlagan vazir.

2-mart kuni Eron ayollar terma jamoasi Avstraliyada oʻtkazilgan Osiyo Kubogidagi ilk uchrashuvini oʻtkazgan edi. Oʻyin oldidan milliy madhiyaning yangrashi vaqtida futbolchilar jim turgan, ayrimlari esa tabassum qilgan.

Sportchilarning bu harakati Eron hukumatiga qarshi norozilik sifatida qilinganmi yoki Isroil va AQSHning zarbalariga nisbatan munosabat sifatida amalga oshirilganmi — hozircha aniq emas. Biroq Eronda bu holat hukumatga qarshi protest sifatida talqin qilingan.

Xususan, davlat telekanallaridan birining boshlovchisi Muhammad Rizo Shahboziy futbolchilarni “urush davridagi xoinlar” deb atab, ularni “qatʼiy jazolash”ga chaqirgan.

Shundan soʻng huquq himoyachilari va muxlislar Avstraliya hukumatini sportchilarning xavfsizligini taʼminlashga chaqirgan. Chunki futbolchilar uchun Eronga qaytish xavfli bo‘lishi mumkin.

Inson huquqlari faoli va Avstraliya terma jamoasining sobiq sardori Kreyg Fosterning taʼkidlashicha, ko‘plab futbolchilarning oilalari Eronda qolgan, ayrimlarining esa farzandlari ham bor. Uning fikricha, hatto ularga Avstraliyada qolish taklif etilgan taqdirda ham, ayrim sportchilar oilaviy sabablarga ko‘ra bundan voz kechishi mumkin.

Berkning aytishicha, Avstraliyada qolgan barcha ayollarga doimiy yashash huquqini tezlashtirilgan tartibda berish rejalashtirilgan.

Shuningdek, uning so‘zlariga ko‘ra, delegatsiyaning qolgan a’zolariga ham mamlakatni tark etishdan oldin Sidney aeroportida yana bir bor Avstraliyada qolish taklifi bildirilgan.

Berk Sidney aeroportida juda katta politsiya nazorati o‘rnatilganini ham ta’kidladi. Uning aytishicha, futbolchilar rasmiylar bilan tarjimon orqali yakkama-yakka suhbatlashishlari uchun kuzatuvchilardan ajratilgan va ularga o‘z oilalariga qo‘ng‘iroq qilish imkoniyati ham berilgan.

Farg‘ona viloyati Bog‘dod tumanida tug‘ilganman. Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti Sport jurnalistikasi fakultetini tamomlaganman. “Daryo”da 2025-yil dekabr oyidan beri sport muxbiri lavozimida ishlayman va maxsus videomateriallar, tarjima maqolalar hamda xabarlar tayyorlayman. Sevimli filmim “Forrest Gamp”. “Shamol ortidan yugurib” (Xolid Husayniy) romanini yaxshi koʻraman.

Telegram kanal@Daryo_Sport24Obuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar