Isroil davlati hududi bo‘ylab raketa hujumlari intensivlashishi ortidan O‘zbekiston Respublikasining ushbu mamlakatdagi elchixonasi fuqarolarga jiddiy ogohlantirish bilan chiqdi.
Ma’lum qilinishicha, raketa parchalari tushishi natijasida jarohat olayotgan shaxslar soni ortib bormoqda. Diplomatik korpus barcha O‘zbekiston fuqarolarini Isroil Front orti qo‘mondonligi ko‘rsatmalariga so‘zsiz rioya qilishga chaqirmoqda.
Mutaxassislar quyidagi hayotiy muhim qoidalarni eslatib o‘tdi:
- sirena eshitilishi bilan: zudlik bilan himoyalangan joyga (panajoyga) kirish;
- rasmiy ruxsat berilmaguniga qadar himoyalangan joyni tark etmaslik;
- faqat rasmiy manbalar va favqulodda xizmatlar ko‘rsatmalariga tayanish so‘raldi.
9-mart holatiga ko‘ra, elchixonaga O‘zbekiston fuqarolari orasida jarohatlanganlar borligi haqida ma’lumot kelib tushmagan.
Isroildagi O‘zbekiston elchixonasi mintaqadagi beqarorlik tufayli fuqarolarni avval ham ogohlikka chaqirgan edi.
28-fevral kuni Isroilda O‘zbekiston fuqarosi N.X. raketa hujumi va sirenalar yangragan paytda TikTok ijtimoiy tarmog‘ida joylashtirgan videosi ortidan hibsga olingani haqida xabar qilingandi.
Qayd etilishicha, mazkur videotasvirlar keyinchalik Isroil ijtimoiy tarmoqlar segmentida ham keng tarqalgan hamda mahalliy jamoatchilik orasida norozilikka sabab bo‘lgan. Shundan so‘ng Isroil fuqarosi A.X. ushbu holat yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilgan.
Vaziyatdan xabardor bo‘lishi bilan O‘zbekistonning Isroildagi elchixonasi Konsullik bo‘limi xodimlari O‘zbekiston fuqarosi N.X. bilan tezkor tarzda bog‘lanib, u bilan tegishli suhbat o‘tkazgandi.








