AQSH Davlat departamenti xavfsizlik tahdidi va Eron bilan urush fonida Saudiya Arabistonidagi amerikalik diplomatlar tarkibining bir qismini majburiy ravishda mamlakatdan chiqishini buyurdi. Bu departament chiqargan buyruqda ma’lum qilingan.
Bir necha kun oldin, aniqrog‘i, 3-mart kuni shu guruh vakillariga ixtiyoriy ravishda mamlakatni tark etishga ruxsat berilgan edi.
Shuningdek, Davlat departamenti AQSH fuqarolarini Saudiya Arabistoniga sayohat rejalari haqida qayta o‘ylashga chaqirdi. Ularga Eron dronlari va raketalari tomonidan amerikalik manfaatlarga qarshi zarbalar, qurolli mojarolar, terrorchilik tahdidlari, chiqish cheklovlari va ijtimoiy tarmoqlardagi faoliyatni tartibga soluvchi mahalliy qonunlar xavfli ekanligi bildirildi.
AQSH elchixonalariga hujumlar
28-fevraldan boshlab AQSH va Isroil Eron bilan urushni boshlaganidan so‘ng, Saudiya Arabistoni bir necha marta Eronning javob zarbalari nishoniga aylandi.
3-mart kuni Ar Riyoddagi AQSH elchixonasiga ikki dron hujumi amalga oshirilgan. Saudiya mudofaa vazirligi vakilining so‘zlariga ko‘ra, bu yerda yong'in sodir bo‘lgan va moddiy zarar katta emas deb baholangan.
Biroq The Washington Post nashrining ma’lumotiga ko‘ra, bino jiddiy zarar ko‘rgan. Tomning bir qismi qulab tushgan, ichki xonalarda esa yong‘in chiqqan.
Amerikaliklar darhol xavfsiz joylarga yashirinib turishga va keyingi bildirishgacha diplomatik missiyaga tashrif buyurmaslikka tavsiya qilindi.
Saudiya Arabistonidan tashqari, Eron AQSHning Bahrayn, Kuvayt va Iroqdagi elchixonalariga ham hujum qilgan.








