Daryo

Saudiyadagi AQSH bazalari Eronga qarshi foydalanilishi mumkin

Qirollik Eronni hujumlarni davom ettirishi oqibatidan ogohlantirdi. Saudiya tashqi ishlar vaziri eronlik hamkasbiga Ar-Riyodning pozitsiyasini yetkazdi.

2 daqiqa o‘qish9 924 ko‘rishlar0 izoh4

Saudiya Arabistoni Eron va AQSH o‘rtasidagi mojaroni diplomatik yo‘l bilan hal etishni qo‘llab-quvvatlaydi. Biroq qirollik hududi yoki uning energetika infratuzilmasiga Eron hujumlari davom etsa, Ar-Riyod javob choralarini ko‘rishi mumkin. Bu haqda masaladan xabardor to‘rt manba Reuters agentligiga ma’lum qildi.

Manbalarga ko‘ra, 6-mart kuni Saudiya tashqi ishlar vaziri shahzoda Faysal bin Farhon eronlik hamkasbi Abbos Aroqchi bilan telefon orqali muloqot qilib, Ar-Riyod pozitsiyasini yetkazgan. U keskinlikni kamaytirish va mojaroni muzokaralar orqali hal etishga qaratilgan vositachilikni qo‘llab-quvvatlashini bildirgan.

Shuningdek, Saudiya Arabistoni va Fors ko‘rfazidagi boshqa davlatlar Eron hududiga zarba berish uchun AQSHga o‘z havo hududi yoki yeridan foydalanishga ruxsat bermaganini ta’kidlagan. Ammo shahzoda Faysal agar Eronning Saudiya hududi yoki energetika infratuzilmasiga hujumlari davom etsa, AQSH kuchlariga qirollikdagi bazalardan harbiy amaliyotlar uchun foydalanishga ruxsat berishga majbur bo‘lishini aytgan.

U qirollikning muhim energetika obyektlariga hujumlar davom etsa, javob zarbalari berilishi mumkinligidan ogohlantirgan. 28-fevral kuni Eron yadroviy dasturi bo‘yicha muzokaralar barbod bo‘lganidan so‘ng AQSH va Isroilning Eronga qarshi hujumlari boshlandi. Shundan beri Saudiya Arabistoni elchisi orqali Tehron bilan muntazam aloqada bo‘lib kelmoqda.

So‘nggi bir hafta ichida Birlashgan Arab Amirliklari, Kuvayt, Qatar, Bahrayn va Saudiya Arabistoni Eron tomonidan uyushtirilgan dron va raketa zarbalariga uchradi.

Eron oliy rahnamosi Oyatulloh Ali Xomanaiy urushning birinchi kunidayoq halok bo‘ldi. Shundan so‘ng Tehron Yaqin Sharqdagi AQSH harbiy obyektlariga va Isroilga aviazarbalarini kuchaytirdi. Isroil esa Livandagi Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan “Hizbulloh” qurolli guruhiga hujum qildi.

Abbos Aroqchi 7-mart kuni bergan intervyusida Saudiya tashqi ishlar vaziri va boshqa saudiyalik rasmiylar bilan doimiy aloqada ekanini aytib, Ar-Riyod Tehronga o‘z hududi, suvlari yoki havo hududi Eronga qarshi hujumlar uchun ishlatilishiga yo‘l qo‘ymasligini kafolatlaganini ta’kidladi.

Eron prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon mintaqadagi keskinlikni yumshatish maqsadida qo‘shni davlatlarga qilingan hujumlar uchun ulardan uzr so‘radi. U agar Eronga zarbalar bu davlatlar hududidan amalga oshirilmasa, qo‘shni davlatlarga hujumlar to‘xtatilishini aytdi.

Karimova Zulfiya Abduhakim qizi. 1999-yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. Millati — o‘zbek. 2023-yilda O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining xalqaro jurnalistika yo'nalishi bakalavr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar