Daryo

MLS. Messi faoliyatidagi 899-golini urgan bahsda “Inter Mayami” mavsumdagi ikkinchi g‘alabasini qo‘lga kiritdi

Argentinalik futbolchi MLS joriy mavsumida uchta gol bilan musobaqa to‘purarlari qatorida bormoqda.

1 daqiqa o‘qish3 297 ko‘rishlar0 izoh0

AQSHning Vashington shahridagi “Audi Fild” stadionida MLS muntazam mavsumining navbatdagi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Unda “Di-Si Yunayted” hamda “Inter Mayami” jamoalari o‘zaro kuch sinashdi. Mazkur bahsda mehmonlar 2:1 hisobida g‘alaba qozondi.

“Inter Mayami” klubi sardori, 38 yoshli argentinalik hujumchi Lionel Messi MLS chempionatining 3-turi doirasi “Di-Si Yunayted”ga qarshi kechgan bahsda (2:1) o‘z hisobiga gol yozdirib qo‘ydi. Shuningdek, yana bir golga Rodrigo de Paul mualliflik qildi. Mezbonlarning bahsdagi yagona javob goliga Tay Baribo mualliflik qildi.

O‘yinning 27-daqiqasida Messi vatandoshi Mateo Silvettining uzatmasidan so‘ng qulay vaziyatga chiqib bordi va raqib darvozaboni Shon Jonsonning ustidan to‘pni tashlab qo‘ygan holda mezbonlar darvozasini ishg‘ol qildi.

Ushbu gol argentinalik yulduz uchun professional faoliyatidagi 899-gol bo‘ldi. Bu uning klublar miqyosidagi 784-goli bo‘lsa, terma jamoa safida 115 ta gol urishga muvaffaq bo‘lgan. Ta’kidlash lozim, bu Messi uchun MLS’ning 2026-yilgi mavsumidagi 3 ta o‘yinda kiritgan uchinchi goli bo‘ldi. U 2-tur bahsida dubl qayd etgan edi.

Ma’lumot uchun, 6-mart kuni AQSH prezidenti Donald Tramp Oq uyda 2025-yilgi MLS kubogi g‘olibi “Inter Mayami” jamoasini qabul qilgan edi. Klub hujumchisi va sardori Lionel Messi ham jamoani sharaflash marosimida qatnashdi.

Hujumchi 2023-yilning yozidan beri “Inter Mayami” sharafini himoya qilib kelmoqda. Ushbu davr mobaynida u barcha turnirlarda 90 ta o‘yinda ishtirok etib, 79 ta gol va 44 ta golli uzatmani o‘z hisobiga yozdirib qo‘ydi. Transfermarkt portali ma’lumotlariga ko‘ra, futbolchining bozor qiymati 15 million yevroni tashkil etadi.

MLSning navbatdagi turida “Di-Si Yunayted” safarda “Chikago Fayr” mehmoni bo‘lsa, “Inter Mayami” “Sharlott” maydoniga safar uyushtiradi. Har ikkala bahs ham 15-mart kuni bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan.

Farg‘ona viloyati Bog‘dod tumanida tug‘ilganman. Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti Sport jurnalistikasi fakultetini tamomlaganman. “Daryo”da 2025-yil dekabr oyidan beri sport muxbiri lavozimida ishlayman va maxsus videomateriallar, tarjima maqolalar hamda xabarlar tayyorlayman. Sevimli filmim “Forrest Gamp”. “Shamol ortidan yugurib” (Xolid Husayniy) romanini yaxshi koʻraman.

Telegram kanal@Daryo_Sport24Obuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar