AQSHning Orlando shahridagi “Eksploriya” stadionida bugun, 2-mart tongida bo‘lib o‘tgan “Orlando Siti” va “Inter Mayami” o‘rtasidagi Shimoliy Amerika oliy futbol ligasi muntazam chempionatining 2-tur o‘yini yakunlandi. Uchrashuvda Lionel Messi yetakchiligidagi mehmonlar 4:2 hisobida g‘alaba qozondi.
MLS 3-turi doirasida “Orlando” 7-mart kuni safarda “Nyu York Siti” bilan o‘ynaydi, “Inter Mayami” esa 8-mart kuni Vashington shahrida “Di-Si Yunayted” mehmoni bo‘ladi.
Avvalroq, MLS’ning amaldagi g‘olibi “Inter Mayami” futbolchilari va murabbiylar shtabi 2026-yilning 5-mart kuni Oq uyda mehmon bo‘lishi haqida xabar berilgan edi.
The Athletic nashri xabariga ko‘ra, sakkiz karra “Oltin to‘p” sohibi va MLS’ning so‘nggi ikki mavsumdagi eng yaxshi futbolchisi Lionel Messining ushbu tadbirda qatnashishi hozircha rasman tasdiqlanmagan. 38 yoshli futbolchi uchun bu Oq uyga ilk tashrif bo‘lishi mumkin. Ma’lumot uchun, u 2025-yilning yanvar oyida, Jo Bayden AQSH prezidenti bo‘lgan davrda o‘tkazilgan “Prezidentning Ozodlik medali” bilan taqdirlash marosimida ishtirok etmagan.








