Venesuela davlat konchilik kompaniyasi AQSH bozorlari uchun 1000 kilogacha oltin quymalarini sotish bo‘yicha ko‘p million dollarlik shartnoma imzoladi. Bu haqda Axios nashrining vaziyatdan xabardor manbalariga tayanib, Reuters xabar berdi.
Kelishuvga ko‘ra, Venesuelaning Minerven konchilik kompaniyasi Trafigura xalqaro tovar treyderiga 650 kilodan 1000 kilogacha bo‘lgan miqdorda oltin quymalarini yetkazib berishi lozim. Trafigura esa AQSH hukumati bilan alohida kelishuv asosida ushbu oltinlarni qayta ishlash zavodlariga jo‘natadi.
Oq uy rasmiysi Reuters agentligiga bergan bayonotida ushbu kelishuvni tasdiqladi. Ma’lum qilinishicha, 4-mart kuni Venesuelaga tashrif buyurgan AQSH ichki ishlar vaziri Dag Burgum mazkur bitimning imzolanishida bevosita yordam bergan.
AQSH rasmiysining ta’kidlashicha, ushbu strategik kelishuv bevosita prezident Donald Trampning ko‘rsatmasi bilan tayyorlangan.
“Trafigura va Venesuela o‘rtasidagi ushbu tarixiy oltin bitimi prezident Trampning topshirig‘i bilan ishlab chiqilmoqda edi. Biz Venesuelaga o‘z konchilik sektorini qayta tiklashda yordam beryapmiz. Bu esa Amerika sanoatiga biz uchun zarur bo‘lgan foydali qazilmalarni olishga ko‘maklashadi”, dedi Oq uy vakili.
Hozircha kelishuvning aniq moliyaviy shartlari va bandlari bo‘yicha batafsil ma’lumotlar ochiqlanmadi.








