BAA o‘z hududida Eronga tegishli milliardlab dollarlik aktivlarni muzlatish masalasini ko‘rib chiqmoqda. Agar bu qaror qabul qilinsa, Tehron eng muhim iqtisodiy manbalardan biridan mahrum bo‘lishi mumkin. Bu haqda The Wall Street Journal xabar berdi.
BAA uzoq yillardan beri Eron uchun tashqi dunyo bilan savdo qilish va chet el valyutasiga chiqish imkonini beruvchi asosiy moliyaviy “darvoza” bo‘lib kelgan. Aktivlarning muzlatilishi esa Eron iqtisodiyotini yanada qiyin ahvolga solishi mumkin.
Manbalarga ko‘ra, BAA rasmiylari Tehronni hujumlar uchun ehtimoliy choralar haqida ogohlantirgan. Eron G‘arb sanksiyalarini aylanib o‘tish, neftni sotish va tushgan daromadni qurol-yarog‘ dasturlariga yo‘naltirish uchun BAAning moliyaviy tizimidan foydalanib kelgan.
Bu choralar savdoni niqoblash uchun ochilgan soxta kompaniyalar hisoblarini muzlatish va bank tizimidan tashqarida pul o‘tkazmalarini amalga oshiruvchi tarmoqlar ustidan qat’iy nazorat o‘rnatishni o‘z ichiga oladi.“BAA rasmiylari Eron bilan bog‘liq noqonuniy moliyaviy faoliyatga qarshi bir nechta choralarni ko‘rib chiqmoqda”, dedi vaziyatdan xabardor amaldorlar.
Agar BAA Eronning yashirin moliyaviy tizimiga zarba bersa, asosiy nishonlardan biri Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi bilan bog‘liq hisoblar bo‘lishi mumkin.
Bu BAA portlari va dengiz yo‘llari orqali faoliyat yuritayotgan Eronning yashirin neft tankerlar tarmog‘ini izdan chiqarishga qaratilgan bo‘ladi.“Ayrim siyosatchilar Eron kemalarini qo‘lga olish kabi to‘g‘ridan to‘g‘ri dengiz choralarini ham ko‘rib chiqmoqda”, dedi manba.








