AQSH Harbiy-dengiz kuchlari o‘tgan hafta davomida Eron Islom Respublikasi flotiga qarshi olib borilgan kampaniya doirasida Eronning 30 dan ortiq kemasini, jumladan, 5-mart oqshomida yirik dron tashuvchi kemasini cho‘ktirganini ma’lum qildi. Bu haqda Euronews xabar berdi.
AQSH Markaziy qo‘mondonligi (CENTCOM) rahbari, admiral Bred Kuper dengizda zarbaga uchragan Eron kemasini taxminan Ikkinchi jahon urushi davridagi aviachilar hajmidagidek deb ta’rifladi.
“Hozir biz gaplashayotgan vaqtda kema yonmoqda”, deya qo‘shimcha qildi Kuper jurnalistlarga.
Admiralning so‘zlariga ko‘ra, 6-mart kuni ertalab B-2 stealth (ko‘rinmas) bombardimonchi samolyotlari Eron ichkarisida yashirilgan ballistik raketa uchirish qurilmalariga o‘nlab 900 kilogramli “teshuvchi” bombalarni tashlagan.
“Shuningdek, biz Eronning Kosmik qo‘mondonligiga ham zarba berdik, bu esa ularning amerikaliklarga tahdid solish qobiliyatini pasaytiradi”, dedi admiral.
CENTCOM yonayotgan kemaning oq-qora tasvirlarini e’lon qildi. Ma’lum qilinishicha, gap IRIS Shahid Bagheri kemasi haqida ketmoqda. Bu kema dronlar uchun 180 metrli uchish-qo‘nish yo‘lagiga ega bo‘lib, u qayta jihozlangan konteyner tashuvchi kemadir. 2005-yilda foydalanishga topshirilgan ushbu kema portlarda yonilg‘i quymay 22 000 dengiz milini bosib o‘tish imkoniyatiga ega edi.
Eron harbiylari hujumni darhol tan olmadi, biroq tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi AQSH dengiz flotini Hind okeanida IRIS Dena fregatini cho‘ktirib, “dengizda vahshiylik” sodir etganlikda aybladi. Mazkur hujum oqibatida kamida 87 nafar ekipaj a’zosi halok bo‘lgan. Shuningdek, Hindiston dengiz floti mezbonlik qilgan (AQSH ham ishtirok etgan) mashg‘ulotlardan qaytayotgan ushbu kemaning 32 nafar a’zosi Shri Lanka hukumati tomonidan qutqarilgan.
Vashingtonda chiqish qilgan AQSH urush vaziri Pit Hegset Eron bo‘ylab zarbalar ko‘lami keskin oshishi haqida ogohlantirdi:
“Bu ko‘proq qiruvchi eskadronlar, ko‘proq imkoniyatlar va ko‘proq bombardimonchilar deganidir. Hujumlar yanada tez-tez amalga oshiriladi”.
Isroil harbiylari 6-mart kuni ertalab Tehronga qarshi keng ko‘lamli zarbalar to‘lqini boshlanganini e’lon qildi. Guvohlar Isroil havo hujumlarini o‘ta shiddatli deb ta’riflamoqda, portlashlar ovozi uylarni larzaga keltirdi.
Shuningdek, bir nechta raketa bazalari joylashgan Kirmonshoh shahri atrofida ham portlashlar qayd etilgan. Isroil tomonining da’vo qilishicha, zarbalar natijasida Eron havo mudofaasi va raketa uchirish qurilmalarining aksariyati yo‘q qilingan.
Urush ko‘lami butun mintaqaga yoyilmoqda
Juma, 6-mart kuni ertalab Eron Amerika qo‘shinlari joylashgan Kuvayt, Qatar, Saudiya Arabistoni va Bahrayn hududlariga raketa va dronlar bilan hujum qildi. Qurbonlar haqida hozircha ma’lumot yo‘q.
Ayni paytda Isroil Livan poytaxti Bayrutning janubiy chekkalarida va boshqa hududlarda Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan “Hizbulloh” nishonlariga bir qator havo zarbalari berdi.
Mojarolar neft yetkazib berish zanjirini va global aviaqatnovlarni izdan chiqardi. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Eron, Livan va Isroil rasmiylari mintaqa bo‘ylab qariyb 1 400 kishi halok bo‘lganini bildirmoqda. AQSH esa ushbu to‘qnashuvlarda olti nafar askarini yo‘qotdi.








