O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Ozarbayjon tashqi ishlar vaziri Jeyhun Bayramov bilan telefon orqali muloqot o‘tkazdi. Bu haqda vazir o‘zining Telegram kanalida xabar berdi.
Suhbat davomida ozarbayjonlik vazir Naxchivon avtonom respublikasi hududiga uchuvchisiz uchish apparatlari orqali uyushtirilgan hujum yuzasidan batafsil ma’lumot bergan. Qayd etilishicha, hujum oqibatida tinch aholi vakillari jabr ko‘rgan hamda fuqarolik infratuzilmasiga zarar yetgan.
O‘zbekiston tomoni mazkur voqealar yuzasidan jiddiy xavotir bildirgan. Vazir Baxtiyor Saidov xalqaro huquq tamoyillariga zid bo‘lgan, boshqa davlatning suvereniteti va hududiy yaxlitligini buzadigan bunday harakatlar mutlaqo qabul qilib bo‘lmasligini ta’kidlagan.
Tomonlar muloqot davomida mintaqadagi vaziyatni diqqat bilan kuzatib borayotganini qayd etgan. Shuningdek, barqarorlikni saqlash va keskinlikning yanada kuchayib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik muhimligi ta’kidlangan.
Eslatib o‘tamiz, 5-mart kuni Ozarbayjon hududiga Eronga tegishli ikkita dron qulab tushgan. Dronlardan biri Naxchivon avtonom respublikasi aeroporti hududiga, ikkinchisi esa Shakarobod qishlog‘idagi maktab binosi yaqiniga qulagan. Hodisa yuz bergach, maktabdagi o‘quvchilar va o‘qituvchilar hududdan evakuatsiya qilingan.
Hujum oqibatida ikki nafar tinch aholi jarohatlangan. Holat yuzasidan Ozarbayjon Tashqi ishlar vazirligi mamlakatdagi Eron elchisi Mojtaba Demirchilouni chaqirtirgan.
Ozarbayjon tomoni mazkur hujum xalqaro huquq normalari va tamoyillariga zid ekani hamda mintaqada keskinlik kuchayishiga sabab bo‘layotganini ta’kidlagan. TIV bayonotida Eron tomonidan hodisaga tezkor oydinlik kiritish, rasmiy izoh berish va bunday holatlar takrorlanmasligi uchun zarur choralar ko‘rish talab qilingan.








