Ozarbayjon hududiga 5-mart kuni Eronning ikkita droni qulab tushdi. Bu haqda mamlakat Tashqi ishlar vazirligiga tayanib Report.az xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, dronlardan biri Naxchivon avtonom respublikasi aeroporti hududiga, ikkinchisi esa Shakarobod qishlog‘idagi maktab binosi yaqiniga qulagan, o‘quvchilar va ustozlar hududdan evakuatsiya qilingan.
Hujum oqibatida ikki nafar tinch aholi jarohatlangan. Holat yuzasidan Ozarbayjon Tashqi ishlar vazirligi mamlakatdagi Eron elchisi Mojtaba Demirchiluni chaqirtirgan.
Ozarbayjon hududiga uyushtirilgan bu hujum xalqaro huquq normalari va tamoyillariga zid ekani hamda mintaqada keskinlik kuchayishiga sabab bo‘layotgani ta’kidlandi.
“Biz Eron Islom Respublikasidan ushbu hodisaga imkon qadar tezroq oydinlik kiritishni, izoh berishni va kelgusida bunday holatlarning oldini olish uchun zarur shoshilinch choralar ko‘rishni talab qilamiz. Ozarbayjon tomoni tegishli javob choralarini ko‘rish huquqini o‘zida saqlab qoladi. Eron tomoniga qat’iy norozilik bildiriladi va tegishli nota topshiriladi”, deyiladi TIV xabarida.
Ma’lumot o‘rnida, 4-mart kuni Erondan ballistik raketa Turkiya hududiga uchirilgan edi. Turkiya Mudofaa vazirligi raketa NATO havo kuchlari tizimi yordamida urib tushirilganini ma’lum qilgan. Ammo Eron Qurolli kuchlari Turkiya hududiga raketa uchirilgani haqidagi ma’lumotni rad etib, Turkiya suverenitetini hurmat qilishini bildirdi.








