Angliya Premyer Ligasi 29-turidan o‘rin olgan “Manchester Siti” hamda “Nottingem Forest” o‘rtasidagi bahs yakuniga yetdi. Manchesterdagi “Etihad” stadionida kechgan bellashuvda 2:2 hisobi qayd etildi.
Uchrashuvdagi hisob 31-daqiqada “Manchester Siti” futbolchisi Antuan Semenyo tomonidan ochildi.
Ikkinchi bo‘limda mehmonlar faollashdi. 56-daqiqada “Nottingem” Morgan Gibbs-Uaytning goli evaziga muvozanatni tikladi. 62-daqiqada burchakdan uzatilgan to‘pni Rodri darvozaga joyladi va “shaharliklar”ga ustunlik taqdim etdi. Biroq, 76-daqiqada Elliot Andersen hisobni tenglashtirdi.
78-daqiqada “Manchester Siti”ning o‘zbekistonlik futbolchisi Abduqodir Husanov zaxiradan maydonga tushdi va himoyada ishonchli harakat qildi. Mazkur natija o‘yin yakuniga qadar o‘zgarmadi.
Shu tariqa, jamoalar 1 ochkoga ega bo‘ldi. Pep Gvardiola boshqaruvidagi “Manchester Siti” ayni paytda turnir jadvalida 60 ochko bilan ikkinchi pog‘onani egallab turibdi. “Shaharliklar” yetakchi “Arsenal”dan yetti ochkoga ortda qolmoqda. “Nottingem Forest” esa 28 ochko bilan 17-o‘rinni band etgan.
Angliya Premyer Ligasi
27-tur
“Manchester Siti” — “Nottingem Forest” 2:2
Gollar: 1:0 — Semenyo (31), 1:1 — Gibbs-Uayt (56), 2:1 — Rodri (62), 2:2 — Anderson (76)
Shuningdek, APL 29-turi doirasida bir qator qiziqarli uchrashuvlar o‘tkazildi.
“Manchester Yunayted” Maykl Kerrik qo‘l ostidagi ilk mag‘lubiyatini safarda “Nyukasl”dan qabul qilib oldi.
45+6-daqiqada mezbonlar hujumchisi Entoni Gordon penaltidan hisobni ochgan bo‘lsa, 45+9-daqiqada Kazemiro muvozanatni tikladi. 90-daqiqada Uilyam Osula gol urib, jamoasiga g‘alaba taqdim etdi.
Ma’lumot uchun, 45+1-daqiqada “Nyukasl” yarim himoyachisi Jeykob Remzi maydondan chetlatilgan.
“Nyukasl” — “Manchester Yunayted” 2:1
Gollar: 1:0 — Entoni Gordon (pen, 45+6), 1:1 — Kazemiro (45+9), 2:1 — Osula (90)
Chetlatish: Jeykob Remzi (45+1)
Londonning “Chelsi” klubi Birmingemda “Aston Villa” mehmoni bo‘ldi va yirik hisobda g‘alaba qozondi. Mezbonlar vakili Duglas Luis 2-daqiqadayoq hisobni ochdi. 35 va 45+6-daqiqada Joau Pedru gol urib, birinchi taymda “Chelsi”ga ustunlik taqdim etdi.
Ikkinchi bo‘limda londonliklar to‘liq ustunlikka erishdi. 55-daqiqada Koul Palmer jamoasining 3-goliga mualliflik qilgan bo‘lsa, 64-daqiqada Joau Pedru xet-trik qayd etdi.
Shu tariqa, “Chelsi” muhim g‘alaba evaziga 3 ochkoga ega bo‘ldi va turnir jadvalida 5-o‘ringa ko‘tarildi. “Aristokratlar” 3-pog‘onani egallab turgan “Manchester Yunayted” va 4-o‘rindagi “Aston Villa”dan 3 ochkoga ortda qolmoqda.
“Aston Villa” — “Chelsi” 1:4
Gollar: 1:0 — Luis (2), 1:1 — Pedru (35), 1:2 — Pedru (45+6), 1:3 — Palmer (55), 1:4 — Pedru (64)
29-turda turnir jadvali yetakchisi “Arsenal” Bukayo Sakaning goli evaziga safarda “Brayton”dan ustun keldi va “Manchester Siti”ning durang natijasidan unumli foydalanib, o‘rtadagi farqni 7 ochkoga oshirdi. Londonliklar hisobida 67 ochko mavjud.
“Brayton” — “Arsenal” 0:1
Gollar: 0:1 — Saka (9)








