Daryo

APLdan qaysi jamoalar yevrokuboklar yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi?

Angliya Premyer Ligasida so‘nggi tur bahslari intrigalarga boy tarzda o‘tdi.

2 daqiqa o‘qish6 230 ko‘rishlar0 izoh3

Angliya Premyer Ligasining so‘nggi tur uchrashuvlari bo‘lib o‘tdi. Chempionlik masalasini muddatidan oldin hal qilib, Chempionlar Ligasi chiptasini naqd qilgan “Arsenal” mehmonda “Kristal Pelas”ni 2:1 hisobida mag‘lub etdi va 22 yil kutilgan chempionlikni nishonladi.

Oxirgi turlarga kelib chempionlikni qo‘ldan chiqargan Pep Gvardiola boshqaruvidagi “Manchester Siti” o‘z uyida Yevropa Ligasining amaldagi g‘olibi “Aston Villa”ni qabul qildi. “Shaharliklar” ushbu bahsda 1:2 hisobida imkoniyatni boy berdi. Garchi bu natija manchesterliklarning turnir jadvalidagi o‘rniga ta’sir qilmagan bo‘lsa-da, birmingemliklarga mavsumni kuchli to‘rtlikda yakunlash imkoniyatini taqdim etdi. Manchester shahrining yana bir jamoasi — “Manchester Yunayted” esa “Brayton” maydonida yirik hisobda zafar quchib, mavsumni 3-o‘rinda yakunladi.

Shu bilan birga, “Liverpul” o‘z uyida “Brentford” bilan 1:1 hisobida durang o‘ynadi. Mersisaydliklar mavsumni 5-o‘rinda yakunlagan bo‘lsa-da, “Aston Villa”ning Yevropa Ligasida g‘alaba qozongani ortidan keyingi mavsum Chempionlar Ligasida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi.

Parallel kechgan uchrashuvlarda “Tottenhem” hamda “Vest Hem” klublari APLda jon saqlab qolish uchun kurash olib bordi. Yakunda “shporlar” “Everton”ni taslim etib, 38-turdan so‘ng 41 ochko jamg‘argan holda 17-o‘rinni egalladi va ligada qoldi. “Bolg‘achilar” esa so‘nggi turda “Lids” ustidan 3:0 hisobida g‘alaba qozonganiga qaramay, 18-o‘rindan yuqoriga ko‘tarila olmadi va APLni tark etdi. Jamoa kelasi mavsumni Chempionshipda o‘tkazadi. Shuningdek, mavsum yakunlariga ko‘ra “Vulverhempton” va “Byornli” klublari ham quyi ligaga tushib ketdi.

Londonning yana bir jamoasi “Chelsi” mehmonda “Sanderlend”ga imkoniyatni boy berdi. “Aristokratlar” yakunda 10-o‘rinni band etib, kelasi mavsum yevrokuboklaridan quruq qoldi. “Sanderlend” esa ushbu g‘alabasi evaziga Yevropa Ligasi ishtirokchisiga aylandi.

Keyingi mavsum Angliya Premyer Ligasidan 8 ta jamoa yevrokubokda ishtirok etadi. Jumladan, “Arsenal”, “Manchester Siti”, “Manchester Yunayted”, “Aston Villa” va “Liverpul” Chempionlar Ligasida ishtirok etsa, “Bornmut” va “Sanderlend” Yevropa Ligasida qatnashadi. Mavsumni 8-o‘rinda yakunlagan “Brayton” esa Yevropa Konferensiyalar Ligasida o‘ynaydi.

Ma’lumot o‘rnida, “Koventri”, “Ipsvich” va “Hall Siti” jamoalari 2026/27-yilgi mavsum Angliya Premyer Ligasi yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.

Qashqadaryo viloyatidanman. O’zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti, Bosma OAV fakulteti, Sport jurnalistikasi yo‘nalishini tugatganman. “Daryo”da 2025-yilning mart oyidan beri ishlayman va xabarlar hamda tahliliy maqolalar yozaman. Har yili Qozog‘istonning “Hokim” kinosini kamida bir marta ko‘raman. Said Ahmadning “Ufq” trilogiyasini sevib o‘qiyman.

Telegram kanal@Daryo_Sport24Obuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar