Daryo

Yaqin Sharq davlatlaridan 5 mingdan ortiq O‘zbekiston fuqarosi qaytarildi

Prezident topshirig‘i bilan Fors ko‘rfazi mamlakatlarida qolib ketgan fuqarolarni vatanga qaytarish bo‘yicha maxsus reyslar tashkil etildi. Jarayonni muvofiqlashtirish uchun “O‘zaviatsiya” agentligida 24/7 ishlaydigan shtab tashkil etilgan.

2 daqiqa o‘qish5 606 ko‘rishlar0 izoh6

Yaqin Sharq mintaqasida keskinlik kuchayganidan so‘ng besh mingdan ortiq O‘zbekiston fuqarosi qaytarildi. Bu haqda Transport vazirligi axborot xizmati xabar berdi.

Hududda davom etayotgan harbiy nizo sabab qator davlatlar havo hududi vaqtincha yopilgan. Shu sabab Bahrayn, Kuvayt, Suriya, Iroq, Eron, Qatar, Isroil, Iordaniya, BAA va Livan havo hududlari orqali parvozlar turli muddatlarga to‘xtatilgan.

Ma’lum qilinishicha, 28-fevraldan boshlab O‘zbekiston shaharlaridan Dubay, Sharja, Madina, Doha, Jidda, Tel Aviv, Tehron va Kuvayt yo‘nalishlarida amalga oshiriladigan barcha aviaqatnovlar bekor qilingan. Natijada 28-fevral—2-mart kunlari Kuvayt, Isroil, Saudiya Arabistoni, Qatar hamda BAA hududlaridan 1 681 nafar O‘zbekiston fuqarosi parvoz qila olmagan.

Shavkat Mirziyoyevning Fors ko‘rfazi mamlakatlarida qolib ketgan fuqarolarni vatanga qaytarishni samarali tashkil etish bo‘yicha bergan topshirig‘i asosida Transport vazirligi tomonidan rezident va xorijiy aviakompaniyalar bilan aniq rejalar ishlab chiqildi. Jarayonlarni muvofiqlashtirish maqsadida “O‘zaviatsiya” agentligida 24/7 rejimida ishlaydigan shtab tashkil etildi.

Shuningdek, qator mamlakatlar havo hududi yopiq qolayotgani, vaziyat o‘zgarib borayotgani hamda xorijiy aviatsiya hukumatlari bilan o‘tkazilgan muzokaralar yakunlari inobatga olinib, aviakompaniyalar parvozlarni amalga oshirishda rioya qilishi lozim bo‘lgan talablar belgilangan.

Hozirda rezident va norezident aviakompaniyalar tomonidan 2026-yil 28-fevralgacha jo‘nab ketgan yo‘lovchilarni O‘zbekistonga qaytarish maqsadida maxsus reyslar amalga oshirilmoqda. Bugungi kunga qadar mamlakat rezident aviakompaniyalari tomonidan Madina va Jidda aeroportlaridan 21 ta reys bajarilib, ular orqali 4 948 nafar yo‘lovchi, shuningdek, Dubay shahridan 235 nafar fuqaro O‘zbekistonga olib kelindi.

Transport vazirligi ushbu reyslar bo‘yicha ma’lumotlarni aniqlashtirish uchun faqat aviakompaniyalarning vakolatxonalari hamda ularning rasmiy veb saytlarida ko‘rsatilgan telefon raqamlariga murojaat qilishni tavsiya qildi. Tushunmovchiliklar va moliyaviy xavflarning oldini olish uchun tekshirilmagan vositachilarga murojaat qilmaslik so‘ralmoqda.

Yo‘lovchilarga yordam ko‘rsatish maqsadida “O‘zaviatsiya” agentligining call-markazi 24/7 rejimida ishlamoqda. Murojaat uchun telefon raqamlari: +998 (78) 120-00-72 va +998 (71) 200-07-65.

Navoiydanman. Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining Internet jurnalistika yoʻnalishini tamomlaganman. “Daryo”da 2026-yildan buyon Mahalliy xabarlar boʻlimida muharrir sifatida faoliyat yuritib, yangiliklar va jamlanmalar yozaman. Zemekisning “Forrest Gamp” filmini 20 martadan koʻproq tomosha qilganman. Kafkaning “Qalʼa” romanini qayta-qayta oʻqiyman.

Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar