Daryo

Suriya Livan bilan chegaraga minglab askar va raketa bo‘linmalarini yubordi

Bu choralar Isroil va “Hizbulloh” o‘rtasidagi to‘qnashuvlar fonida chegara faoliyatini monitoring qilish hamda kontrabandaga qarshi kurashish maqsadida amalga oshirilmoqda.

2 daqiqa o‘qish3 990 ko‘rishlar0 izoh3

Suriya Mudofaa vazirligi Livan bilan chegaradagi harbiy ishtirokini sezilarli darajada kuchaytirdi. Sakkizta mustaqil manbaning (Suriya va Livan xavfsizlik xizmati vakillari) so‘zlariga ko‘ra, mazkur harakatlar mintaqada, xususan, Isroil va “Hizbulloh” o‘rtasida kuchayib borayotgan qurolli nizo fonida amalga oshirilmoqda.

Suriya Mudofaa vazirligining 4-mart kuni e’lon qilgan bayonotida, mintaqaviy mojarolar avj olgan bir paytda chegaralarni himoya qilish va nazoratni ta’minlash maqsadida Livan va Iroq bilan chegaradosh hududlarda qo‘shinlar joylashtirilgani aytiladi.



Qayd etilishicha, safarbar etilgan bo‘linmalar chegara qo‘shinlari va razvedka batalyonlaridan iborat bo‘lib, ularning zimmasiga chegara faoliyatini monitoring qilish hamda kontrabandaga qarshi kurashish vazifasi yuklangan.

Raketa qurilmalari va zirhli texnikalar

Suriya harbiylaridan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, mustahkamlash operatsiyasi fevral oyida boshlangan, biroq so‘nggi kunlarda jarayon keskin tezlashgan. Xususan, Suriya armiyasining 52- va 84-diviziyalari Xoms g‘arbi va Tartus janubidagi chegara chizig‘i bo‘ylab o‘z ishtirokini kengaytirgan.

Hududga piyoda qo‘shinlar, zirhli transport vositalari, shuningdek, qisqa masofali Grad va “Katyusha” raketa qurilmalari yetkazilgan.

Suriya harbiylari va xavfsizlik rasmiylarining ta’kidlashicha, ushbu harakatlardan ko‘zlangan asosiy maqsad qurol-yarog‘ va narkotik kontrabandasining oldini olishdir. Shuningdek, Damashq bu orqali Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan “Hizbulloh” yoki boshqa jangarilarning Suriya hududiga sizib kirishiga yo‘l qo‘ymaslikni ko‘zlamoqda.

Livan xavfsizlik xizmati vakilining so‘zlariga ko‘ra, Suriya tomoni Livan bilan sharqiy chegara tog‘lari bo‘ylab raketa qurilmalarini o‘rnatishni “Hizbulloh” tomonidan Suriyaga nisbatan amalga oshirilishi mumkin bo‘lgan har qanday hujumdan himoyalanish choralari deb tushuntirgan.

Ayni paytda Suriya xavfsizlik rasmiysi Damashqning qo‘shni davlatlarga qarshi harbiy harakatlar rejalashtirmayotganini bildirdi:

“Suriya o‘ziga yoki hamkorlariga nisbatan har qanday xavfsizlik tahdidiga javob berishga tayyor, biroq qo‘shnilarga hujum qilish rejasi yo‘q”.

Shunga qaramay, mazkur harakatlar Yevropa va Livandagi ayrim rasmiylarda Suriyaning Livan hududiga bostirib kirishi mumkinligi borasida xavotir uyg‘otdi. Suriya harbiylari bu kabi ayblovlarni rad etib, o‘n yillik sovuq munosabatlardan so‘ng qo‘shni davlat bilan muvozanatli aloqalar o‘rnatish istagida ekanini ta’kidladi.

Suriya qo‘shinlari 1976-yildan 2005-yilgacha Livanda joylashgan edi. Hozirgi vaziyatda esa mintaqadagi keskinlik 2024-yildagi sulhdan so‘ng Isroilning deyarli har kuni berayotgan zarbalari va dushanba kunidan “Hizbulloh”ning Isroilga qarshi qayta o‘t ochishi bilan yanada og‘irlashgan.

Isroil aviazarbalari oqibatida 30 dan ortiq odam halok bo‘lgan, o‘n minglab livanliklar janubiy hududlarni tashlab, Suriya tomon qochishga majbur bo‘lmoqda

Mirzayeva Dilafroʻz Safar qizi. 1999-yilda Toshkent viloyatida tavallud topgan. Millati — oʻzbek. 2024-yilda Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetining Sinxron tarjima yoʻnalishi magistr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar