Daryo

Rossiya—Ukraina urushida qatnashish uchun shartnoma imzolagan qashqadaryolik yigit 8,24 mln so‘m jarimaga tortildi

U urushda qatnashmagan, harbiy poligondagi tayyorgarliklar paytidayoq qochib, O‘zbekistonning Moskva shahridagi elchixonasiga murojaat qilgan.

2 daqiqa o‘qish229 399 ko‘rishlar1 izoh99

Rossiya—Ukraina urushida ishtirok etish uchun shartnoma imzolagan qashqadaryolik yigitga sud hukmi bilan jarima jazosi qo‘llandi. “Daryo” sud hujjatlari bilan tanishdi.

Rus tilini bilmagani uchun

Aniqlanishicha, 1998-yilda tug‘ilgan N.A. 2025-yilning mart oyida Rossiya Federatsiyasiga borib, uch oydan ortiq vaqt davomida yollanma ishchi sifatida ishlagan. 8-iyul kuni u yashash qoidalarini buzgani hamda tegishli hujjatlarga ega bo‘lmagani sababli politsiya xodimlari tomonidan ushlangan va bir kun davomida qamoqda saqlangan.

“Mahkamaga olib borgach, meni so‘roq qilishdi. Rus tilini bilmaganligim uchun bazo‘r javob berdim. Shunda menga ular jazodan ozod bo‘lishim uchun Rossiya—Ukraina urushida qatnashishni taklif qilishdi. Javobgarlikdan qo‘rqib, Mudofaa vazirligining bir yillik harbiy xizmat shartnomasini imzolashga majbur bo‘ldim. Shundan keyin, meni Xanti-Mansiysk shahrida joylashgan harbiy poligonga yuborishdi”, deydi N.A. o‘z ko‘rsatmasida.

Poligondan qochish

N.A. harbiylar uni olib ketayotganida ota-onasiga qo‘ng‘iroq qilib, urushga olib ketishayotganini bildirgan. Ular unga bir ilojini qilib qochishi kerakligini aytishgan. Shundan so‘ng harbiy mashg‘ulotlar davomida poligondan qochish yo‘llarini izlagan.

Va nihoyat 8-avgust kuni harbiy poligondan qochishga muvaffaq bo‘lib, 15-avgust kuni Moskva shahriga yetib kelgan hamda O‘zbekiston Respublikasi elchixonasiga yordam so‘rab murojaat qilgan.

Hujjatlari bo‘lmagani sababli unga “Vatanga qaytish guvohnomasi” rasmiylashtirilib, 19-avgust kuni Moskva—Samarqand yo‘nalishidagi aviareys orqali O‘zbekistonga yuborilgan. Yetib kelganidan so‘ng ixtiyoriy ravishda Davlat xavfsizlik xizmati Qashqadaryo viloyati boshqarmasiga murojaat qilgan.

Sud hukmi

Jinoyat ishlari bo‘yicha Kasbi tuman sudi N.A.ni Jinoyat kodeksining 154-1-moddasi 1-qismi bilan aybli deb topgan. Unga nisbatan bazaviy hisoblash miqdorining 20 baravari, ya’ni 8 million 240 ming so‘m miqdorida jarima jazosi tayinlangan.

Avvalroq Rossiya—Ukraina urushida qatnashib, dronlar hujumi oqibatida jiddiy yaralangan marg‘ilonlik fuqaroning ozodligi 3 yilga cheklangani xabar qilingandi. 19 yoshli bekobodlik yigit esa 5 yilga ozodlikdan mahrum etilgandi. Rossiya—Ukraina o‘rtasidagi urushda qatnashib, mina portlashi natijasida yaralangan namanganlik fuqaroga 3 yil 6 oy muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangandi. 

  • O‘zbekiston fuqarolariga chet davlatlarining harbiy xizmatiga yollanish taqiqlangan
O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 154-moddasiga ko‘ra, harbiy harakatlarda qatnashish uchun yollanish 10 yilgacha ozodlikdan mahrum etishga sabab bo‘ladi. Urushga odamlarni yollash, ularni o‘qitish va ulardan harbiy harakatlarda foydalanish 12 yilgacha ozodlikdan mahrum bo‘lishga olib keladi. Jinoyat kodeksining 154-1-moddasiga asosan chet davlatlar harbiy xizmatiga, xavfsizlik, politsiya, harbiy adliya organlari yoki shunga o‘xshash boshqa organlariga xizmatga yollangan O‘zbekiston fuqarolari 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilinadi.

Andijondanman. Oʻzbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti hamda Xalqaro Nordik universitetini (magistr) tamomlaganman. “Daryo”da 2019-yildan beri muxbir boʻlib ishlayman va maxsus materiallar, tenderlar, sud hukmlari, tarjimalar bilan shugʻullanaman. 2025-yilda “Oltin qalam” milliy mukofotini olganman. Tarixiy film va seriallarni koʻrishni xush koʻraman. Eng sevimli asarim Togʻay Murodning “Otamdan qolgan dalalar” kitobidir.

Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar