Isroilda vaziyatning keskinlashuvi hamda 12-martga qadar mamlakatda “favqulodda holat” joriy etilgani munosabati bilan O‘zbekistonning Isroildagi elchixonasi vatandoshlarga shoshilinch murojaat bilan chiqdi. Elchixona fuqarolardan shaxsiy xavfsizlikni ta’minlash choralariga qat’iy rioya qilishni so‘radi.
Murojaatda qayd etilishicha, havo hujumi yoki raketa xavfi haqida ogohlantiruvchi sirenalar yangraganda darhol yaqin atrofdagi bunker yoki boshpanaga kirish zarur. Ochiq hududda qolish yoki sirenalarni e’tiborsiz qoldirish qat’iyan man etiladi.
Shuningdek, raketa tushgan joylarni foto yoki videoga olish mumkin emasligi, bunday harakatlar jiddiy huquqiy oqibatlarga olib kelishi mumkinligi ta’kidlangan. Noma’lum jismlar yoki raketa parchalari yoniga yaqinlashmaslik, darhol xavfsiz masofaga chekinib, tegishli xizmatlarga xabar berish tavsiya etilgan.
Elchixona favqulodda vaziyatlarda zudlik bilan diplomatik vakolatxonaga murojaat qilishni so‘radi. Isroil Ichki ishlar vazirligining Aholi va immigratsiya boshqarmasi (PIBA) Call-markaziga 1-700-707-889 raqami orqali murojaat qilish mumkinligi ma’lum qilingan. Shuningdek, telefon qurilmasiga Isroil favqulodda xizmatlarining raqamlarini saqlab qo‘yish tavsiya etildi: politsiya — 100, tez yordam (Magen David Adom) — 101, yong‘in-qutqaruv xizmati — 102, Front orti qo‘mondonligi — 104.
Isroilni tark etishni istagan fuqarolar uchun Isroil–Misr nazorat-o‘tkazish punkti “Taba/Begin” orqali chiqish imkoniyati mavjudligi qayd etilgan. Chegaradan o‘tishda amal qiluvchi pasport va zarur hujjatlar to‘liq bo‘lishi shart. Vaziyatga qarab o‘tish tartibi o‘zgarishi mumkinligi sababli, oldindan rasmiy manbalardan ma’lumotni aniqlashtirish tavsiya etiladi. “Taba”dan Sharm ash-Shayxga avtomobil yoki avtobusda borib, u yerdan Uzbekistan Airways, Centrum Air, Qanot Sharq, Air Samarkand hamda boshqa aviakompaniyalar reyslari orqali O‘zbekistonga qaytish mumkin.
Favqulodda holatlar yuzasidan O‘zbekistonning Isroil va Misrdagi elchixonalari bilan bog‘lanish so‘ralgan. Isroildagi elchixonaning aloqa raqamlari: 03-672-2466, 03-672-2371, 03-758-5075, 03-758-5076, shoshilinch holatlar uchun +972 54 485 1397. Misrdagi elchixona bilan +20233364516 va +201281444867 raqamlari orqali bog‘lanish mumkin. Elchixona vatandoshlarni rasmiy axborot manbalariga tayanishga va vazminlikni saqlashga chaqirdi.








