AQSHning Eronga hujum qilishiga Isroil va Saudiya Arabistonining bir necha hafta davom etgan lobbichilik harakatlari turtki boʻldi. Bu haqda toʻrt manbaga tayanib, The Wall Street Journal xabar berdi.
Manbalarga ko‘ra, Saudiya valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon omma oldida diplomatik yechimni qo‘llab-quvvatlashini bildirganiga qaramay, so‘nggi bir oy ichida Trampga bir necha bor shaxsiy qo‘ng‘iroq qilib, AQSHni Eronga zarba berishga undagan.
Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu esa o‘z mamlakati uchun “mavjudlikka tahdid” deb hisoblaydigan Eronga qarshi AQSH zarbalari berilishini uzoq vaqtdan beri ochiq targ‘ib qilib kelgan.
Birlashgan sa’y-harakatlar Trampga Eron rahbariyati va harbiylariga qarshi keng ko‘lamli havo operatsiyasini boshlashga yordam bergan. Operatsiyaning ilk soatlaridayoq Xomanaiy va yana bir necha yuqori martabali eronlik amaldor halok bo‘lgan.
Hujum AQSH razvedkasining Eron kuchlari yaqin o‘n yil ichida AQSHga bevosita tahdid solishi dargumon degan taxminlariga qaramay amalga oshirildi.
Saudiyaning hujumga chorlashi Trampning maxsus vakili Stiv Uitkoff va kuyovi Jared Kushner Eron yetakchilari bilan yadro hamda raketa dasturlari bo‘yicha muzokaralar olib borayotgan bir paytga to‘g‘ri keldi.
Muzokaralar davomida Saudiya valiahd shahzodasi va Eron prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon telefon orqali muloqot qilgan. Shundan soʻng Muhammad bin Salmon Saudiya Arabistoni oʻzining havo hududidan Eronga hujum qilishda foydalanishga yo‘l qo‘ymasligi haqida bayonot berdi.
Biroq, anonim qolish sharti bilan gapirgan manbalarga ko‘ra, Saudiya yetakchisi AQSH rasmiylari bilan muhokamalarda boshqacha ogohlantirish bergan. Jumladan, AQSH Yaqin Sharqda eng yirik harbiy kuchini to‘plagan bir paytda zarba bermasa, Eron bundan yanada kuchliroq va xavfliroq bo‘lib chiqishini aytgan.
Shia musulmonlari hukmronlik qiladigan Eron va sunniylar boshchiligidagi Saudiya Arabistoni uzoq vaqtdan beri mintaqada proksi urushlarni keltirib chiqargan kuchli raqobatga ega.Muhammadning pozitsiyasini uning ukasi, Saudiya Arabistoni mudofaa vaziri Xolid bin Salmon mustahkamladi. U yanvar oyida Vashingtonda AQSH rasmiylari bilan yopiq eshiklar ortida uchrashuvlar o‘tkazib, hujum qilmaslik oqibatlari salbiy bo‘lishi mumkinligi haqida ogohlantirgan, deydi manbalar.








